Bugun biz munozara uchun tanlagan mavzu hayotimizning ajralmas qismiga aylangan, oddiy saqichdan tortib atir-upa tayyorlashda ham ishlatiladigan “qora oltin” – neft.

Energiya resursi sifatida global iqtisodiyotda muhim o‘rin egallaydigan neft va gaz nafaqat energiya ishlab chiqarish, balki transport, kimyo sanoati, kabi ko‘plab sohalar uchun ham asosiy xom ashyo hisoblanadi.

So‘nggi yillarda neft va gaz bozorida sezilarli o‘zgarishlar yuz bermoqda.

Dunyo bo‘ylab energiya resurslariga ehtiyoj oshishi barobarida narx keskin o‘zgarmoqda. SOVID-19 pandemiyasi davrida talab susayishi natijasida neft narxi tarixiy past darajaga tushib ketgandi. 2021 yildan boshlab iqtisodiy tiklanish jarayonida qora oltin qimmatlasha boshladi. O‘tgan mavsum turli geosiyosiy omillar ta’sirida neft narxi yanada ko‘tarildi.

Qolaversa, global iqlim o‘zgarishi ham energiya bozorini qo‘zg‘atdi.

Endilikda ko‘plab davlatlar qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tmoqda. Bu vaqti kelib neft-gazga talab kamayishi mumkinligini anglatadi.

Hukumatimiz oxirgi yillarda energetika sektorini modernizatsiya qilishga kirishdi. O‘zbekistonning “yashil energetika” siyosati doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga investitsiya jalb etishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda. Ayni jarayon nafaqat ekologik toza energiyani ko‘paytiradi, balki mamlakat iqtisodiyoti diversifikatsiyasiga ham xizmat qiladi.

Mamlakatimiz xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni saqlab qolish uchun ham innovatsiyani joriy etishga intilishi lozim. Energiya samaradorligini ta’minlaydigan yangi texnologiya qo‘llash orqali nafaqat ichki talab qondiriladi, balki eksport imkoniyati ham kengaytiriladi.

Xullas, neft va gazning kelajagi mavhum vaziyatda qolgan: global iqtisodiyot jadal o‘zgarishi, iqlim buzilishi va geosiyosiy tahdidlar sohaning asosiy muammolaridir.

Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston energetika sektorini yangilash va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishga qaratilgan sa’y-harakatni davom ettirishi juda muhim. Yaqin kelajakda respublikamiz zamonaviy energetika tizimining ajralmas bo‘lagi sifatida innovatsion texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish orqali rivojlanishi zarur. Faqat shu yo‘l bilan yurtimiz jahon energetika bozoridagi o‘rnini mustahkamlaydi va barqaror rivojlanishga erisha oladi.

O‘zA muxbiri mamlakatimiz neft va gaz sektoridagi joriy holat, mavjud qiyinchiliklar, istiqbolli loyihalar haqida mulohaza yuritish hamda global miqyosda yuz berayotgan jarayonni chuqurroq tahlil qilish maqsadida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Siyosiy fanlar” kafedrasi dotsenti Zokir Usmonov bilan suhbatlashdi.

Musulmon Ziyo, Asliddin Alijonov (video), O‘zA