Bugun Rio-de-Janeyroda Yigirmalik guruhi yoki Katta yigirma davlatlari rahbarlarining navbatdagi sammiti boshlandi. “Adolatli dunyo va barqaror sayyora qurish” shiori ostida o‘tayotgan, 19 davlat va Yevropa Ittifoqi ishtirokida kechadigan ushbu forum kunlari xavfsizlikni ta’minlashga 8 ming harbiy xizmatchi jalb etilgan.
G20 sammitiga mezbonlik qilayotgan Zamonaviy san’at muzeyi to‘siqlar bilan o‘ralgan. Zirhli texnika va qurolli askarlar muayyan hududdagi yo‘llar bo‘ylab joylashgan. Bir nechta ko‘chada transport harakati cheklandi.
Dastlab ocharchilik va qashshoqlikka qarshi global alyans taqdimoti namoyish etilib, ishtirokchi davlatlar, xalqaro tashkilotlar e’lon qilinadi. Keyin yetakchilar ijtimoiy inklyuziya va tanlangan mavzu yuzasidan so‘zga chiqadi.
G20 doirasida Meksika, Indoneziya, Janubiy Koreya, Turkiya va Avstraliyani birlashtirgan MIKTA mamlakatlar guruhi rahbarlari uchrashuvi ham bo‘lib o‘tadi. Birinchi kun global boshqaruv institutlarini isloh qilishga qaratilgan yig‘ilish ham rejalashtirilgan. Ikkinchi kun barqaror rivojlanish va energiyaga o‘tish bo‘yicha sessiya o‘tadi. Yakuniy uchrashuvdan keyin Braziliya G20 raisligini Janubiy Afrikaga topshiradi.
Tabiiyki, sammit ishtirokchilari ikki tomonlama uchrashuvlarda ham ishtirok etadi.