Shaxmatni rivojlantirish masalasi ko‘rildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida sportning shaxmat turini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan majlis o‘tkazildi.
Unda davlatimiz rahbari tomonidan shaxmatni rivojlantirish va ommalashtirish, sportchi va murabbiylarga qulay sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi. Shunday imkoniyat yaratib berilganiga qaramasdan, mutasaddilarning o‘z ishiga loqaydlik bilan qarashi va ayrim joylarda shaxmat bo‘yicha istiqbolli sportchilarga yetarli darajada e’tibor qaratilmasligi sababli respublikada ushbu sport turini rivojlantirish ishlari talab darajasida emasligi alohida qayd etildi.
Majlis davomida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, respublika va xalqaro musobaqalarda sovrindorlar yetishib chiqishini ta’minlash borasida vazifalar belgilanib, aniq topshiriqlar berildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Ishchi guruh a’zolari bilan uchrashuv
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh hamda energiya resurslarining talon-torojligini oldini olish, ularga barham berish bo‘yicha respublika ishchi guruhlari a’zolari bilan uchrashdi.
Ishchi guruhlar a’zolarining har biri bilan suhbatlashib, hududlarda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tabiiy gaz va elektr toki ta’minotidagi uzilishlarga barham berish, yo‘qotishlarni o‘z vaqtida aniqlash va betalafot qilish, aholini va ijtimoiy ob’ektlarni ko‘mir va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash ishlarini tizimli tashkil etish choralari muhokama qilinib, ishlarni tizimli va jadal amalga oshirish bo‘yicha qat’iy vazifalar belgilab olindi.
Talaba jahon chempioni bo‘ldi
Joriy yilning 10-16-noyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Qozon shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida qoraqalpog‘istonlik talaba jahon chempioni bo‘ldi.
Jumladan, 30 dan ortiq davlatning eng sara kurashchilari ishtirok etgan jahon chempionatda U20 yoshlar va qizlar o‘rtasida Qoraqalpoq davlat universiteti 2-bosqich talabasi Sevara Shajenova -66 kg vazn toifasida Qirg‘iziston, Rossiya, Nigeriya sportchilarini yengib, birinchi o‘rinni egalladi.
Jahon chempionatida Sevara Shajenova mamlakatimiz sportchilarining umum-jamoada 1-o‘rinni egallashiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri