Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining 33 yilligi munosabati bilan “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shiori ostida ma’naviy-madaniy tadbir o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad, yoshlarda vatanparvarlik hissini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizga nisbatan hurmatni oshirish va ularda o‘z Vataniga sadoqatli bo‘lish tuyg‘usini shakllantirish, shu bilan birga milliy ramzlarga bo‘lgan muhabbatni oshirishdan iborat.
Tadbirda milliy gvardiya, ichki ishlar, sport chempionlari, mahalla faollari, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimlari, “Bo‘ston” inter akademiyasi o‘quvchilari milliy bayrog‘imiz atrofida birlashib, yurish marofonida faol ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy qismi tuman san’at saroyida davom etdi. San’atkorlar tomonidan rang-barang qo‘shiqlar ijro etildi. Milliy madaniyatimizni aks ettiruvchi ijodiy chiqishlar taqdim etildi va yoshlarimizda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qildi.
Tadbirlar Ajiniyoz nomidagi Nukus Davlat pedagogika institutining Ellikqal’a pedagogika fakultetida “Bayrog‘imiz – g‘ururimiz” shiori ostida insholar tanlovi, 61 va 47-maktablar hamkorligida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida ma’naviy tadbir, 22-umumta’lim maktabida buyuk Qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy kechaga ulanib ketdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri