Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahrida karate WKF bo‘yicha jahon kubogi tasnifiga kiruvchi “Winner Cup International Chempionships” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Kubok bahslarida dunyoning 51 davlatidan kelgan 850 nafarga yaqin karatechilar raqobatlashdi. Quvonarlisi, musobaqada mamlakatimiz sportchilari 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Xalqaro turnirning 12-13 yosh toifasidagi bahslarida Odina Botirova, Kamronbek Abduqayumov va Saidkamol Adilov oltin medalni qo‘lga kiritdi. 18 yoshdan kattalar o‘rtasida vazni -60 kg. bo‘lgan Azizbek Islombekov kumush, -75 kg. vazn toifasida Oybek Hakimbekov bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 14-15 yoshli karatechilar orasida Jo‘rabek Alibekov uchinchi pog‘onadan joy oldi.

Shuningdek, Dilshod Yusupov va Hamdamjon Shodibekov musobaqa tashkilotchilari tomonidan shogirdlarining munosib ishtiroki uchun maxsus kubok bilan taqdirlandi.

Musobaqa reglamentiga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar shu yilning 13-15 dekabr kunlari Turkiyada bo‘lib o‘tadigan Premer liga musobaqasida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA