Bugun, 17 noyabr kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida nogironligi bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida Osiyo chempionatining so‘nggi tur bahslari bo‘lib o‘tadi.
Qit’aning 10 dan ziyod davlatidan matonatli va irodali shaxmatchilar ishtirok etayotgan shaxmat bahslarining 9-turida yosh qizlar o‘rtasidagi o‘yinlarda g‘oliblikka da’vogarlik qilayotgan Sabohat Ikromaliyeva qirg‘izistonlik Sabina Askar bilan, kattalar o‘rtasidagi musobaqada 2-o‘rinda borayotgan Sirojiddin Zayniddinov hindistonlik Rao Samartx bilan kuch sinashadi.
Musobaqaning ortda qolgan 8-turidan keyin Sirojiddin Zayniddinov 6 ochko bilan 35 nafar ishtirokchi orasida 2-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, ushbu guruh peshqadami tojikistonlik Suhrob Hamdamov 6,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
Para shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionatining oxirgi tur o‘yinlari ostonasida kattalar o‘rtasidagi musobaqada qatnashayotgan shaxmatchilarimizdan Sardorbek Mamarajabov 5, Axadxon Kimsanboyev 4,5, Abbos Eshmuratov 4, Ilhom Ergashev 3,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, yosh qizlar toifasidagi bahslarda Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan Sabohat Ikromaliyeva va Aynura Izentayeva 5 ochko bilan 4 va 5-o‘rinlardan joy egallagan.
Yosh o‘g‘il bolalar bahsida qatnashayotgan Bobur Do‘stmurodov 9-tur oldidan 4,5 ochko bilan 6-pog‘onada ko‘rinish bergan. Bugun o‘tadigan 9-turda Do‘stmurodov qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida chempionatda ishtirok etayotgan Dmitriy Pesnovga qarshi harakatlanadi.
Eslatib o‘tamiz, qit’a chempionatida 10 tadan ziyod mamlakatning matonatli va irodali shaxmatchilari g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA