15 noyabr kuni “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jismoniy tarbiya fani o‘qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga malaka toifasi berishning yangi tartibi ishlab chiqiladi.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil:
— 1 martga qadar boshlang‘ich, o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilari yosh toifasi bo‘yicha harakatli o‘yinlar, olimpiya va ommaviy sport turlariga ustuvorlik berish orqali sport turlari ro‘yxati shakllantiriladi;
— 1 iyunga qadar maktab o‘quvchilarining sport musobaqalaridagi ishtiroki, maktab sport klublarining faoliyati, o‘quvchilarni sportga qamrab olinganlik darajasini aniqlash yuzasidan reyting tizimi ishlab chiqiladi;
— 1 mayga qadar maktab sport klublari a’zolari uchun Zomin tumani “Lochin” dam olish maskanida o‘quvchilarni sport musobaqalariga tayyorlash bazasi tashkil etaladi;
— 1 iyulga qadar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash bo‘yicha milliy baholash tizimi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:
— 5–11-sinflar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun o‘quv-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqiladi;
— har bir maktabda bosqichma-bosqich maktab sport klublari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
— har yili an’anaviy tarzda maktablar o‘quvchilari o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari tashkil etiladi.
O‘zA