Tramp atrofiga kimlarni yig‘moqda?

O‘tgan hafta Qo‘shma Shtatlardagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qilgan Donald Tramp bu hafta o‘z jamoasini shakllantirishni boshladi. Ular orasida milliarder Ilon Maskdan tortib “Fox News” boshlovchisigacha bor. Tramp milliarder Ilon Mask va Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka sobiq nomzod Vivek Ramasvamini Oq uyga qaytganidan so‘ng tashkil etishni rejalashtirgan yangi organ “Hukumat samaradorligi” departamentiga rahbar etib tayinladi.

Trampga ko‘ra, bu ikki amerikalik hukumat byurokratiyasini yo‘q qilish, ortiqcha qoidalarni qisqartirish, behuda xarajatlarni cheklash hamda federal agentliklarni qayta qurishga yordam beradi. Ushbu departamentni tashkil etish Maskning o‘zidan chiqqan.

Yangi bo‘lim tashkil etilganidan keyin qanday faoliyat ko‘rsatishi noma’lum. Asli janubiy afrikalik milliarder Mask “Tesla” kompaniyasi asoschisi, “X” kompaniyasining egasi va raketasozlik kompaniyasi “SpaceX” rahbari hisoblanadi.

Ramasvami esa farmatsevtika kompaniyasi asoschisi hisoblanadi. Bu yil boshida u Respublikachilar partiyasining boshlang‘ich mavsumida Trampga qarshi raqobatlashdi, faqat yanvar oyida poygani to‘xtatib, Trampni qo‘llay boshlagan.

Tramp Seshanba kungi bayonotda ikkinchi muddatda muhim o‘zgarishlarga ham ishora qilgan. U allaqachon federal yordam tarqatuvchi, maktablardagi kamsitishlarga qarshi kurashuvchi va ta’lim darajasi bo‘yicha tadqiqotlarni nashr etadigan Ta’lim vazirligini yopishga va’da berdi.

Shuningdek, Donald Tramp o‘zining yangi ma’muriyatini Xitoyga qarshi keskin fikrlari bilan tanilgan shaxslarni yig‘moqda.

Masalan Milliy razvedkaning sobiq direktori Jon Li Retkliffni Markaziy razvedka boshqarmasiga, “Fox News” boshlovchisi va armiya faxriysi Pit Xegsetni mudofaa vaziriga hamda Florida kongressi a’zosi Maykl Uoltsni milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti elchisi lavozimiga Nyu-York uchun Vakillar palatasida o‘rin egallagan kongressmen Eliz Stefanikni tanladi.

Florida shtatidan senator Marko Rubio esa davlat kotibi lavozimiga saylanishi kutilmoqda. Bularning barchasi Pekinga qarshi o‘zlarining qattiq pozitsiyani himoya qilishlari bilan mashhur.

Tramp ma’muriyatiga qo‘shilish uchun nomzod sifatida ko‘rilayotganlar orasida Germaniyadagi sobiq elchi Richard Grenell, Tennessi shtati senatori Bill Xeygerti va AQSHning sobiq savdo vakili Robert Laytxayzer ham bor.

Robert Laytxayzer Trampning savdo urushida muhim rol o‘ynagan va uning birinchi hokimiyat muddatida Xitoy tovarlariga 380 milliard dollarlik tariflarni ishlab chiqishda yordam bergan edi. Trampning ikkinchi hokimiyat davrida ham Laytxayzer muhim odamga aylanishi mumkin.

Senatning razvedka bo‘yicha tanlangan qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va Senatning xalqaro aloqalar qo‘mitasining yuqori martabali a’zosi sifatida Rubio Xitoy hukumatining qattiq tanqidchisi sifatida tanilgan. U 2020 yilda Shinjon viloyatidagi etnik ozchiliklarga munosabat haqida bildirgan izohlari uchun Xitoydan chetlashtirildi.

Tramp Florida shtatidan kongressmen Mett Gets nomzodi Adliya vaziri lavozimiga ko‘rsatilishini e’lon qildi. Shu mazmundagi bayonot ijtimoiy tarmoqda e’lon qilindi.

Tramp 42 yoshli Mettni tizimni isloh qilish tarafdori sifatida iste’dodli, fidoyi huquqshunos, deya ta’rifladi va chegaralar xavfsizligini kuchaytirishi, jinoiy guruhlarni yo‘q qilish choralarini ko‘rishi va amerikaliklar orasida departamentga ishonchni tiklashiga ishonch bildirdi.

Agar Senat tasdiqlasa, Gets demokrat Merrik Garland o‘rnida bosh prokuror bo‘lib ish boshlaydi.

Qayd etilishicha, yangi nomzod avval Vakillar palatasi Axloq qo‘mitasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlik va noqonuniy moddalardan foydalanish ehtimoli bo‘yicha tergov qilingan.

Kichik Robert Kennedi Sog‘liqni saqlash va aholiga xizmat ko‘rsatish kotibi etib tanlandi.  Kichik Kennedi o‘zining saylovoldi kampaniyasini to‘xtatib, Respublikachi Trampni qo‘llab-quvvatlagan edi.

Prezident Kennedi Amerikani yana sog‘lomlashtirishga yordam beradi, deb umid qiladi.

Sog‘liqni saqlash va inson xizmatlari departamenti AQSHda federal darajada sog‘liq bilan bog‘liq deyarli hamma narsa uchun javobgardir. U oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi, Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari, Milliy sog‘liqni saqlash institutlari hamda moddiy imkoniyati cheklanganlar, katta yoshdagilar, nogironlar uchun sog‘liqni saqlashni ta’minlaydigan yirik dasturlarni nazorat qiladi.

Kennedi yetakchi demokrat siyosatchilar oilasidan. 1963-yilda Dallasda o‘ldirilgan sobiq prezident Jon Kennedi uning amakisi edi. Uning otasi AQSHning sobiq bosh prokurori va senatori Robert Kennedi ham Oq uyga o‘z nomzodini qo‘yganidan besh yil o‘tib otib o‘ldirilgan.

Shu qatorda yana bir “Fox Business” telekanali boshlovchisi va iqtisodchi Larri Kadlou Milliy iqtisodiyot kengash rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatilgan. U Trampning birinchi Oq uylik davrida ham shu lavozimda ishlagan. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar bergan Larri qaytadimi yo‘qmi bu aniq emas. “CNN” xabariga ko‘ra, Tramp Oq uy matbuot kotibi lavozimiga 27 yoshli Karolin Livittni tayinlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Livitt ushbu lavozimdagi eng yosh matbuot kotibi sifatida tarixga kiradi. U Trampning saylovoldi kampaniyasida matbuot bilan aloqalar uchun ma’sul bo‘lgan.

Shuningdek, Tramp ushbu hafta Oq uyda Bayden bilan ko‘rishib ichki siyosat, G‘azo va Ukraina masalasida ikki soatlik suhbat qurgan. Oq uyga kelayotgan Tramp hali ofis maydoni va unga kerak bo‘ladigan jihozlar ro‘yxati bo‘yicha kelishuvga imzo chekkanicha yo‘q.

Tramp g‘alabadan keyin Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha harakatlarni boshlab yuborgan. “Urush tugaydi, ammo uning qachon tugashi aniqmas. Oq uyni boshqaradigan Tramp jamoasi siyosati bilan urush tezroq tugaydi. Bu ularning yondashuvi, o‘z aholisiga bergan va’dasi va ular uchun ham bu juda muhim. Men Tramp bilan suhbatlarimizda bizning pozitsiyamizga qarshi hech qanday fikr eshitmadim “, — deya fikr bildirdi Ukraina prezidenti Zelenskiy.

Ushbu hafta qator nashrlar Tramp va Putin telefon orqali gaplashgani haqida ma’lumot tarqatgan edi, biroq Kreml voizi yolg‘on xabar ekanligini yozib chiqdi. Hafta oxiriga kelib esa Moskva Germaniya kansleri Putin bilan gaplashganini ma’lum qildi. Unda Putin Ukrainadagi mojaro bo‘yicha ochiq ekanligi, har qanday bitim Rossiya xavfsizligi manfaatlariga va yangi hududiy voqeliklarga asoslanishi kerakligi aytiladi. Zelenskiy esa Germaniyani ushbu suhbatdan ogohlantirganini aytib, tanqid qilib chiqdi. Ushbu qo‘ng‘iroq Putinni yakkalash rejasiga putur yetkazadi va bundan buyog‘iga boshqa suhbatlar ham paydo bo‘ladi. Undan so‘ng esa Olaf Shols Tramp bilan ham gaplashgani ayon bo‘ldi. Kanslerga ko‘ra, Trampda aniqroq reja bor.

Yaqin Sharq muammosi

Isroilning G‘azo va Livandagi yurishlari oqibatida oddiy aholi qurbon bo‘lmoqda. Ushbu hafta Isroilning yangi mudofaa vaziri Israel Kats Livandagi quruqlik operatsiyasi kengayganligini ma’lum qildi. “Biz Livan janubida quruqlikdagi manyovrni kengaytirdik va Bayrutning Dahiye tumanida, kerak bo‘lsa «Hizbulloh” nishonlariga qarshi harakat qilmoqdamiz”, — degan Kats.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kunidan beri Livanning bir qancha shaharlariga havo hujumlari oqibatida kamida 20 nafar bola halok bo‘lgan. Livan janubidagi Joun shahrida seshanba kuni kamida sakkiz bola halok bo‘lgan. O‘sha kuni Bayrutning janubi-sharqidagi Baalchmay shahrida ikki bola o‘ldirilgan.

Chorshanba kuni Isroilning Bayrut janubidagi qishloqqa uyushtirgan hujumi oqibatida uch bola halok bo‘ldi. Yakshanba kungi hujumda esa yetti nafar bola qurbon bo‘lgan.

UNICEF vakilining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 50 kun ichida Livanda o‘ldirilgan bolalar soni o‘tgan yili o‘ldirilgan barcha bolalarning 80 foizini tashkil qiladi. “Livandagi bolalar bu urushning eng halokatli bosqichini boshdan kechirmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u. Sentyabr oyidan buyon esa hududda 3 mingga yaqin inson urush qurboni bo‘lgan.

Isroilning o‘ta o‘ngchi moliya vaziri Betsalel Smotrich ushbu hafta G‘arbiy Sohilni anneksiya qilishga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan. Smotrich anneksiya qilish rejasini Tramp qo‘llab-quvvatlashiga umid qilmoqda.

“2025 yil Yahudiya va Samariyada suverenitet yili”, — deb yozgan Smotrich X ijtimoiy tarmog‘ida G‘arbiy Sohilni nazarda tutgan holda.

Uning aytishicha, Isroilning hukmron koalitsiyasida ushbu harakat va Falastin davlatini tuzishga qarshilik borasida keng kelishuv mavjud. “Ushbu xavfni kun tartibidan olib tashlashning yagona yo‘li Yahudiya va Samariyadagi aholi punktlari ustidan Isroil suverenitetini qo‘llashdir”, — degan u.

Isroil tashqi ishlar vazirligi Quddusda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bu masala bo‘yicha hali qaror qabul qilinmaganini ma’lum qilgan.

“Biz bu masalani oxirgi marta prezident Trampning birinchi davrida muhokama qilgan edik. Agar bu mavzuga qaytadigan bo‘lsak, Vashington bilan maslahatlashamiz”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken fikricha, HAMAS yetakchilarini yo‘q qilish va 2023 yil 7 oktyabrdagi kabi yirik hujumning oldini olish orqali Isroil maqsadiga erishdi, endi G‘azodagi urushni tugatish vaqti kelgan bo‘lishi mumkin. Mazkur bayonotni u NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan muzokara o‘tkazish uchun Bryusselga kelgan payt jurnalistlar oldida berdi.

Siyosatchi Kerem Abu Shalom nazorat-o‘tkazish manzilida 900 ta yuk mashinasi kutayotganini qo‘shimcha qilib, Isroil gumanitar yordam muhtojlarga xavfsiz yetkazilishi uchun mas’ulligini eslatdi.

“Agar Isroil urushni to‘xtatishga qaror qilsa va asirlarni ozod qilish yo‘li topilsa, biz ham Isroil G‘azodan chiqib ketishi va HAMAS qaytmasligini ta’minlash uchun aniq rejaga ega bo‘lishimiz lozim. Shuning uchun mazkur rejani ishlab chiqish va amalga oshirish ustida astoydil harakat qilyapmiz”, – degan kotib.

Abxaziyada namoyish

Hafta oxiriga kelib, Abxaziyaning Suxumi shahrida Rossiya bilan investitsion kelishuv ratifikatsiya qilinishiga qarshi bo‘lgan muxolifatchilar qo‘lga olinishi ortidan norozilik namoyishlari boshlandi. Mahalliy hokimiyat vakillari hibsga olinganlar parlament a’zosiga qarshi noqonuniy xatti-harakatlar sodir etganini bildirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, gap Rossiya va Abxaziya o‘rtasidagi kelishuvni qo‘llab-quvvatlovchi deputatga qarshi harakat haqida ketmoqda.

Rasmiylar kelishuvni 15 noyabrda ma’qullamoqchi bo‘lgan muxolifat esa uning ratifikatsiya qilinishiga qarshi hujjat ko‘rib chiqiladigan kuni norozilik namoyishi o‘tkazishni rejalashtirgan.

Abxaziyaning sobiq iqtisodiyot vaziri so‘zlariga ko‘ra, kelishuv oligarxlarga katta foyda va mamlakatni “pullash” uchun imkoniyat berardi. Uning qo‘shimcha qilishicha, muxolifatchilar milliy manfaatlarni himoya qilgani uchun hibsga olingan. Bir muddat o‘tib ular qo‘yib yuborilgani ma’lum bo‘ldi.

Muxolifat prezidentning iste’foga chiqishi va saylov o‘tkazilishini talab qilgan, biroq Abxaziya prezidenti Aslan Bjaniya Suxumidagi tartibsizliklar fonida iste’foga chiqmasligini ma’lum qildi. Bjaniyaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat rahbariyati o‘z joyida qoladi va vazifalarini bajarishda davom etadi. Lekin u hozircha poytaxt Suxumidan ketib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloqda ekanligi ma’lum qilingan.

Sardorbek Poyonov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA