Qozog‘istonda 2024 yil so‘nggi 10 yil ichida eng ko‘p g‘alla yetishtirilgan. Bu fikrni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev qishloq xo‘jaligi xodimlari birinchi forumida bildirdi.
– Yil og‘ir kelishiga qaramay, oxirgi 10 yildagi rekord – 26,7 million tonna g‘alla yig‘ib olishga muvaffaq bo‘ldik, – dedi u. – Qozog‘iston Markaziy Osiyo mintaqasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya oqimi bo‘yicha yetakchi. Ko‘rilgan tizimli chora-tadbirlar tufayli inflyatsiya kamayib, joriy yil oktyabr oyida 8,5 foizni tashkil etdi. Milliy iqtisodiyot o‘sish sur’atini ko‘rsatdi: 10 oyda 4 foiz. Muhimi, ijobiy ko‘rsatkichga, asosan, neftsiz sektorni rivojlantirish hisobidan erishilmoqda. Yalpi ichki mahsulot o‘sishining uchdan ikki qismi savdo, ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Bu boradagi ishni faol davom ettirishimiz kerak.
Mamlakat rahbari agrosanoat majmuasi iqtisodiy o‘sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi kerakligini ham ta’kidladi:
– Biznes ham, davlat ham manfaatdor hisoblangan ayni jarayon, birinchi navbatda, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan muhim. Qishloq aholisi farovonligi ham bevosita sanoat rivojiga bog‘liq. Qishloq xo‘jaligi texnikasini yangilash darajasini yiliga 8-10 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan soha mashinalari uchun yillik 5 foizli imtiyozli lizing dasturi yo‘lga qo‘yilib, 8 ta yirik qo‘shma korxona, jumladan Germaniyaning “Claas” konserni, Rossiyaning “Rostselmash” zavodi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Joriy yil umumiy qiymati qariyb 160 milliard tengelik 4,5 mingdan ortiq traktor, 815 dona g‘alla yig‘ish mashinasi (shundan 107 tasi Claas) ishlab chiqarildi. Hukumat mehnat unumdorligini oshirish, kichik majmualar yig‘ishni qo‘llab-quvvatlash, import qilinadigan butlovchi qismlarni mahalliylashtirish orqali samarali ish o‘rinlari yaratishga e’tibor qaratishi lozim. Bu mavsum don eksporti miqdori 12 million tonnaga chiqishi salmoqli natija va ulkan mas’uliyatdir. Fermer xo‘jaliklarini tashqi bozorga chiqarish maqsadida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hukumatning ustuvor vazifasi. Eksport salohiyatini oshirish uchun jahon bozorida xaridorgir yuqori unumdor ekinlar yetishtirish zarur.
Toqayev, shuningdek, tenge barqarorligini Qozog‘iston taraqqiyotining asosiy shartlaridan biri sifatida e’tirof etdi.