Bugun – Butunjahon diabetga qarshi kurash kuni
So‘nggi yillarda butun dunyoda diabetga chalingan bemorlar soni ortib bormoqda. JSST ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yilda dunyoda 529 million kishi qandli diabet bilan kasallangan, 2050 yilga borib esa bunday bemorlar soni qariyb bir yarim milliardga yetishi mumkin.
SSV matbuot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bemorlarning aksariyatiga diabetning 2-turi tashxisi qo‘yilgan. Afsuski, qandli diabet bilan og‘rigan ko‘plab insonlar o‘zlarining kasalliklari haqida bilmaydi. Shu sababli, ushbu muammoning dolzarbligini hisobga olgan holda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti diabetni “XXI asr epidemiyasi” deb e’lon qilgan. 14 noyabr esa Butunjahon diabetga qarshi kurash kuni deb belgilangan.
Bu sananing maqsadi ushbu xastalik haqida xabardorlikni oshirishdan iborat. Bunda eng muhimi, kasallikka chalinganlar sonini e’lon qilish emas, balki qandli diabetni erta aniqlash, uning profilaktikasi hamda asoratlarining oldini olish yo‘llari haqida ko‘proq ma’lumot berishdir.
– Bu kasallikni keltirib chiqaruvchi omillar orasida nosog‘lom turmush tarzi asosiy o‘rinni egallaydi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori Nozima Nazarova. – Afsuski, xastalik yurtdoshlarimiz orasida ham keng tarqalgan. Uning bir necha turi farqlanadi. Qandli diabetning 1-turi ko‘proq bolalar va o‘smirlar orasida uchraydi. Agar o‘z vaqtida tegishli davo choralari ko‘rilib, kasallik nazoratga olinmasa, og‘ir asoratlarni keltirib chiqaradi. Diabetning 2-turi esa oldini olish mumkin bo‘lgan xastalik hisoblanadi. Bu dardni sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, qonda qand miqdorining doimiy nazorati – skrining, kerak bo‘lsa, tegishli dori vositalari orqali yengish mumkin. Agar insonda diabet oldi holatlari kuzatilsa, metformin preparatini qabul qilish tavsiya qilinadi. Bunday vaziyatda shifokor tavsiyalariga to‘liq rioya etilsa, statsionar sharoitda davolanishga hech qanday ehtiyoj bo‘lmaydi.
Qondagi qand miqdori sutka davomida doimo to‘liq me’yorda ushlab turilsa, diabet asoratlarining oldini olish yoki kechiktirish mumkin.
Shu sababli aholi, avvalo, patronaj hamshirasi va oilaviy shifokor, qandli diabet bilan kasallangan bemorlar esa endokrinolog nazoratida bo‘lishi shart. Ehtiyoj bo‘lganda kardiolog, nevropatolog, nefrolog, oftalmolog, xirurg mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda davolanish choralari ko‘rilishi kerak.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, qandli diabet aholining o‘lim darajasini 2-3 baravar oshiradi va umr ko‘rish davomiyligini qisqartiradi, – deydi Milliy tibbiyot markazi Endokrinologiya bo‘limi mudiri Sarvar Dadayev. – Bundan tashqari, muammoning dolzarbligi ushbu kasallikning tarqalish ko‘lami bilan ham bog‘liq. 2014 yilda butun dunyo bo‘ylab taxminan 422 million katta yoshdagilar qandli diabet bilan kasallangan, bu 1980 yildagidan 108 millionga ko‘p. Bunday holatlar soni har yili ortib bormoqda. Kasallikning halokatli o‘sishi 2-turdagi qandli diabet bilan bog‘liq bo‘lib, bu barcha holatlarning 85 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi va bu asosan, semirish hamda jismoniy harakatsizlikning natijasidir. Sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni saqlash bo‘yicha oddiy choralar uning oldini olish uchun samarali bo‘ladi.
Prezidentimizning 2022 yil 26 yanvardagi “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ayni paytda yurtimizda qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlarni bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Qirq yoshdan oshgan aholini yilda kamida bir marotaba maqsadli skriningdan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Surunkali endokrin kasalliklarni davolashning zamonaviy klinik protokollari va algoritmlari joriy etilgan.
Bunda 2022-2024 yillarda yurtimiz aholisiga endokrinologiya yordamini ko‘rsatishni rivojlantirish dasturi asosida olib borilayotgan ishlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Shuni yodda tutish kerakki, har bir inson sog‘lom ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik, sog‘lom tana vaznini saqlash va chekishni tashlash orqali 2-toifa diabetning oldini olishi mumkin.
M.Qosimova, O‘zA