Boku shahrida Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov va OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti bosh direktori Yevgeniy Jukov o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda bu haqda so‘z yuritildi.

BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) davomida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston hukumati va OTB o‘rtasidagi hamkorlik doirasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, infratuzilmani rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va istiqboldagi loyihalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, unda infratuzilmani rivojlantirish orqali urbanizatsiyani takomillashtirish, moliyaviy resurslarni jalb qilish, strategik va kichik loyihalar ishlab chiqish, milliy sharoitga mos infratuzilma hamda eko-sanoat parklarini barpo etish kabi yo‘nalishlar ham ko‘rib chiqildi.

Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, muzokara yakunida tomonlar milliy emissiya savdo tizimi (ETS) va monitoring, hisobot hamda verifikatsiya (MRV) tizimini joriy etishni o‘z ichiga olgan loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.

N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA