Saudiya Arabistoni “SPA” axborot agentligi Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasiga (COP29) a’zo davlatlar konferensiyasi mavzusiga murojaat qilib, Podshohlikning “ACWA Power” kompaniyasi Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston bilan qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida hamkorlik dasturi hamda bir qator bitim va memorandumlar imzolaganini yoritdi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qayta tiklanuvchi energiya iqtisodiy maqsad emas, balki kelajakka qo‘shilayotgan hissa, kelgusi avlodlar oldidagi mas’uliyat tuyg‘usining natijasi ekanini ta’kidlaganiga urg‘u berilgan.
Tashabbusning ekologik ahamiyati alohida qayd etilgan. Shuningdek, energiya infratuzilmasi samaradorligini oshirish va loyihalarni ishtirokchi mamlakatlar milliy tarmog‘iga integratsiyalashuvini kuchaytirish maqsadida umumiy faoliyatni baholash bo‘yicha strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etilgan.
Tomonlar ekspertlar va mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro bilim va malaka oshirish, ixtisoslashtirilgan konferensiya va seminarlar tashkil etish, shuningdek sheriklik ko‘lamini kengaytirish uchun qo‘shma ishchi sessiyalar o‘tkazishni nazarda tutuvchi axborot va tajriba almashish mexanizmini qabul qilishga kelishib olgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA