O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahriga amaliy tashrif doirasida Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerteni qabul qildi.

Iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Jamg‘arma tomonidan O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari salohiyatini rivojlantirish va milliy moslashuv rejalarini ishlab chiqishga ko‘mak ko‘rsatilayotgani yuqori baholandi.

Hozirgi kunda qo‘shma loyihalar portfeli 160 million dollarni tashkil etib, suv resurslarini boshqarish, “yashil” energetikani rivojlantirish, “yashil” moliyalashtirish va boshqa bir qator ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan. Bundan tashqari, 5 milliard dollarlik ikkita mintaqaviy va 500 million dollarlik uchta milliy loyiha ishlab chiqilmoqda.

Innovatsion ko‘kalamzorlashtirish va yerlarni barqaror boshqarish, Orolbo‘yidagi ijtimoiy-ekologik vaziyatni yaxshilash dasturlarini amalga oshirish orqali sheriklikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.