Yevropa chempionlar ligasining to‘rtinchi tur ikkinchi kungi bahslari ham kutilgan va kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi. O‘tgan turda Angliya klublari peshqadamlik qilgan bo‘lsa, bu turda ular orasiga Portugaliya, Fransiya va Germaniya klublari qo‘shildi.
So‘nggi o‘yinlarda raqib darvozasiga 3 tadan ortiq gol urishga o‘rganib borayotgan “Barselona” 4-turda Serbiyada “Srvena Zvezda” mehmoni bo‘ldi. Mazkur bahsda kataloniyaliklar 5:2 hisobida yirik g‘alabaga erishdi. Uchrashuvda “Barselona” tarkibida Martines, Levandovski, Rafinya va Lopes gol urgan bo‘lsa, mezbonlardan Milson va Mvumpa o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Shu tariqa, “Barselona” Chempionlar ligasida 4-turdan keyin urilgan gollar soni bo‘yicha peshqadamga aylandi. Aniqrog‘i, bu jamoa to‘rt o‘yinda 15 ta gol urdi. Ushbu jadvalda “Borussiya” 13 ta gol bilan ikkinchi, “Bavariya” esa 11 ta gol urib uchinchi bo‘lib turibdi.
Shuningdek, Kataloniya klubi uchun bu o‘yindagi muvaffaqiyat ketma-ket uchinchi yirik g‘alabadir. Bu jamoa dastlab, “Yang Boyz”ni 5:0, “Bavariya”ni 4:1 hisobida yengan. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Barselona” 1959/1960 yilgi mavsumdan beri Liga yoki Chempionlar kubogida ketma-ket uchta o‘yinda to‘rt va undan ko‘p gol ura olmagan ekan. Shu tariqa, “Barselona” qariyb 60 yillik tarixini yangiladi.
Myunxenning “Bavariya” klubi mazkur musobaqaning 2-3 turida kutilmagan mag‘lubiyatdan so‘ng, o‘z maydonida g‘alabaga erishdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, “Alyans Arena” stadionida o‘tgan “Benfika”ga qarshi o‘yinda “Bavariya” 1:0 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvdagi yagona golga Jamal Musiala 67-daqiqada mualliflik qildi.
O‘tgan turni birinchi o‘rinda yakunlagan “Aston Villa” klubi 4-turda “Bryugge” mehmoni bo‘ldi. “Yan Breydel” stadionida o‘tgan o‘yinning 52-daqiqasida “Aston Villa” darvozasi tomon penalti belgilandi. Bu vaziyatdan Vanaken unumli foydalandi va jamoasining yagona goliga mualliflik qildi.
Shuningdek, kechagi uchrashuvlarda “Shaxtyor” – “Yang Boyz” 2:1, “Feyenoord” – “Zalsburg” 1:3, “Inter” – “Arsenal” 1:0, “PSJ” – “Atletiko” 1:2, “Sparta Praga” – “Brest” 1:2, “Shtutgart” – “Atalanta” 0:2 hisoblari qayd etildi.
Yevropa chempionlar ligasining 4-turidan so‘ng jadvalda “Liverpul” 12 ochko jamg‘argan holda yaqqol peshqadamga aylandi. “Sporting”, “Monako”, “Brest” va “Inter” klublari esa bir xil 10 ochko to‘plagan holda kuchli beshlikni yakunladi.
“Barselona”, “Borussiya Dortmund” va “Aston Villa” 9 ochko bilan 6-8 o‘rinlarga joylashgan bo‘lsa, “Atalanta” 8 ochko jamg‘arib, 9 pog‘onaga ko‘tarildi. To‘rtinchi tur yakunlariga ko‘ra, “Manchester Siti”, “Yuventus”, “Arsenal”, “Bayer 04”, “Lill”, “Seltik” va “Dinamo Zagreb” klublari bir xil 7 ochko to‘plab, gollar nisbatiga ko‘ra keyingi o‘rinlarga joylashdi. “Bavariya”, “Real Madrid”, “Benfika”, “Milan”, “Feyenoord” “Bryugge” va “Atletiko Madrid” klublari 6 ochko jamg‘argan holda, “PSV” 5 ochko bilan keyingi turga yo‘l oldi.
“PSJ”, “Sparta Praga”, “Shtutgart”, “Shaxtyor” jamoalarida 4, “Jirona” va “Zalsburg” 3 ochkoga ega. Bu mavsumni omadsiz o‘tkazayotgan “Bolonya” bor yo‘g‘i 1 ochko bilan 31-pog‘onada qoldi. “RB Leypsig”, “Shturm”, “Srvena Zvezda”, “Yang Boyz” va “Slovan Bratislava” ochkosiz qolmoqda.
Yevropa chempionlar ligasining 5-tur o‘yinlari 26-27 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA