Kuchli shamol Kaliforniyada yuz bergan o‘rmon yong‘ini tez tarqalishiga olib keldi. O‘nlab uylarni vayron qilgan tabiiy ofat natijasida minglab odamlar evakuatsiya qilindi.
Xorijiy OAV yozishicha, mutaxassislar “favqulodda va hayot uchun xavfli” vaziyatdan ogohlantirgan. O‘t o‘chiruvchilar qiyin ob-havo sharoitida olovni o‘chirishga harakat qilmoqda.
Los-Anjeles shimoli-g‘arbida davom etayotgan, hozirgacha 3 500 ga yaqin inshootga tahdid solgan yong‘in ta’sirida 10 mingdan ziyod odam majburiy evakuatsiya qilindi. Qalin tutun bir necha aholi manzilini qamrab oldi. Oqibatda ko‘rish sezilarli darajada qiyinlashib, o‘t o‘chiruvchilar ishi yanayam murakkablashdi. Tezligi soatiga 98 kilometrgacha yetgan shamol samolyotlardan samarali foydalanishga to‘sqinlik qildi.
O‘t o‘chiruvchilar ma’lum qilishicha, tutundan bo‘g‘ilgan ikki kishi kasalxonaga yotqizilgan. Jiddiy jarohat olganlar haqida boshqa ma’lumot yo‘q.
Sinoptiklar shamol tezligi soatiga 80-160 kilometrni ko‘rsatishi, namlik 8 foizgacha tushishini aytdi. Janubiy Kaliforniyaning ba’zi hududlari “o‘ta og‘ir va hayot uchun xavfli” sharoitga tayyor turishi kerak. Kommunal xizmat xodimlari yana yong‘in chiqishining oldini olish uchun elektr energiyasini cheklay boshladi. Elektr tarmog‘i va boshqa infratuzilma nosozligi so‘nggi yillarda bir necha yirik va halokatli yong‘inni keltirib chiqardi. Chorshanba kuni janubda 65 mingdan ortiq, shimolda 20 mingdan ko‘p odam elektr ta’minotidan uzildi.
Umuman, shtatda bir necha marta dahshatli o‘rmon yong‘ini kuzatildi. Masalan, 2018 yil Vulsida uch kishi halok bo‘lib, 1600 uy vayron bo‘ldi. Tomas olovi Ventura va Santa-Barbara okruglarida mingdan ziyod uy va boshqa inshootlarga jiddiy ziyon yetkazgan.