Braziliyada 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatida hamyurtlarimiz Afruza Hamdamova 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida 6,5 ochko bilan yakka peshqadamga aylanib olgan bo‘lsa, 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida Nilufar Imomqo‘ziyeva 6 ochko bilan g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan biri maqomiga ko‘tarildi.

Bugun jahon chempionatining 7-tur bahslari bo‘lib o‘tdi. E’tiborli jihati, ushbu turda Afruza Hamdamova qozog‘istonlik Elnaz Kaliaxmetni, Javohir Bozorov braziliyalik Kim Pol Mariani mag‘lubiyatga uchratdi.  Nilufar Imomqo‘ziyeva o‘z guruhining birinchi raqamli shaxmatchisi sifatida tasniflangan gruziyalik Kesari Mgeladze bilan kechgan murakkab o‘yinda durangga erishdi.

Shu o‘rinda aytish lozimki, Nilufar mazkur bahsda qora donalarda o‘ynaganiga qaramasdan raqibi bilan murosaga kelgan holda 0,5 ochkoni qo‘lga kiritishi uning 7-turda g‘alabaga teng durangga erishganini anglatadi.

Jahonchempionatining 8-turida Afruza Hamdamova qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada ishtirok etayotgan Leyla Tabermakova bilan kuch sinashsa, Nilufar Imomqo‘ziyeva oq donalarda Diana Hofizova qarshiligini yengish uchun harakat qiladi.

14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqaning 7-turida braziliyalik Kim Pol Mariani yenggan Javohir Bozorov 8-turda qora donalarda niderlandiyalik Itan Chua bilan bahs olib boradi. Ayni paytda Javohir Bozorov 19 nafar shaxmatchi singari 4 ochko bilan 118 nafar ishtirokchi orasida 32-50-pog‘onalarda joylashib turibdi.

8-tur uchrashuvlari arafasida Afruza Hamdamova 6,5 ochko bilan yakka peshqadamga aylangan. FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan Leyla Tabermakova 6 ochko bilan keyingi o‘rinni band etgan. Qozog‘istonlik Zarina Nurgaliyeva 5,5 ochkoga ega bo‘lsa, yana 7 nafar shaxmatchi qiz 5 ochko jamg‘argan holda ularni ta’qib qilmoqda.

Nilufar Imomqo‘ziyeva, Kesari Mgeladze (Gruziya), Yunsin Chjao (Xitoy), Diana Hofizova (FIDE) o‘z yosh toifalarida 6 ochko bilan turnir jadvalida yetakchiga aylangan. Shuningdek, 1 nafari 5,5, 11 nafari 5 ochko bilan chempionlik yo‘lida kurash olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, 62 ta davlatning 527 nafar shaxmatchisi ishtirokida o‘tayotgan jahon chempionati bahslari 10 noyabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA