Ishg‘ol qilingan hududlarda aziyat chekayotgan oddiy va begunoh odamlarga yordam qo‘lini cho‘zayotgan idoraning faoliyatiga qarshilik ko‘rsatilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining UNRWA nomli Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlaydigan agentligi va Isroil o‘rtasidagi munosabat rasman to‘xtatildi. Televideniye orqali rasman ma’lum qilingan ushbu qarorni mamlakatning BMTdagi elchisi Gilad Erdan tasdiqladi. U shuningdek, Isroil insonparvarlik tashkilotlari bilan hamkorlik qilishda davom etishi, lekin “terrorizmni qo‘llab-quvvatlayotgan” idoralar bilan birga ishlamasligini da’vo qildi. Shu bilan birga Germaniyaning Jahon oziq-ovqat dasturi direktori Martin Frik mamlakat ommaviy axborot vositalariga G‘azoda UNRWA o‘rnini bosa oladigan tashkilot yo‘qligi va boshqa idoralar Falastinning qamal qilingan hududida boshpana, maktab va tibbiy klinikani boshqarish kabi ulkan mas’uliyatli ishni bajara olmasligini bildirgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, UNRWA G‘azoga insonparvarlik yordami ko‘rsatadi, xususan g‘ayri insoniy sharoitda aziyat chekayotganlarni oziq-ovqat, boshpana va tibbiy muassasa bilan ta’minlaydi. Frik G‘azodagi gumanitar inqiroz og‘ir va tushunib bo‘lmas darajada ekanini ta’kidlab, mazkur tashkilot operatsiyasini to‘xtatish omon qolish uchun kurashayotgan odamlarning so‘nggi umidini ham puchga chiqarishidan ogohlantirdi.

Isroil parlamenti – Knesset o‘tgan hafta rejimning G‘azoga bosimini kuchaytirish chorasi doirasida UNRWA ishg‘ol qilingan hududlarda faoliyat yuritishini taqiqlovchi qonun qabul qildi va u kelgusi 90 kun ichida kuchga kirishi kutilyapti.

BMT Xavfsizlik Kengashi Isroilni UNRWA gumanitar missiyasiga xalaqit beradigan har qanday harakatdan tiyilish to‘g‘risida ogoh qilingan bayonot bilan javob berdi va agentlikning G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil, Sharqiy al-Quds, Iordaniya, Livan va Suriya bo‘ylab falastinlik qochqinlarga ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa favqulodda yordam kabi muhim xizmatlar taqdim etishdagi o‘zgarmas rolini ta’kidladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA