Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ullari hamda Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasi o‘rtasida hamkorlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda innovatsion moliyalashtirishni strategik qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalarini amalga oshirish va ularda “yashil” tamoyillardan foydalanish masalalari xususida so‘z bordi.
Muloqot chog‘ida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida mamlakatni rivojlantirishga yordam beruvchi turli resurs va yondashuvlarga urg‘u berildi. Shuningdek, DXSH orqali investitsiyalarni rag‘batlantirish tashabbuslari va O‘zbekiston bilan OTB o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini o‘rganish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Unda ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilinib, OTB hukumat qarashlarini texnik ekspertiza va maslahat yordami orqali qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida mamlakatning moliyaviy-iqtisodiy tizimlarini takomillashtirish uchun strategik yechimlarni amalga oshirish va tomonlar bu borada hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA