Yosh sportchilarimiz o‘zlari tanlagan sport yo‘nalishlari bo‘yicha nufuzli musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.

Jumladan, so‘nggi yillarda dzyudo bo‘yicha turli yosh toifasidagi har qanday musobaqa polvonlarimiz ishtirokisiz o‘tmayapti. Buning misolini shu kunlarda Tojikiston va Qirg‘izistonda o‘tkazilayotgan xalqaro turnirlarda ko‘rishimiz mumkin.

Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahrida dzyudo bo‘yicha 2007-2009, 2010-2011 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va kichik o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro musobaqada vakillarimiz 1 ta oltin va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Ushbu musobaqada barcha raqiblarini yenggan Muslimbek Muhammadiyev shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Mirakbar Abdujabborov, Sardorbek Qahhorov, Anzurbek Abduahadov va Ulug‘bek Eshdavlatov uchinchi o‘rinda qayd etildi.

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro turnirda yosh dzyudochilarimiz 5 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza jami 8 ta medalga sazovor bo‘ldi.

Xalqaro turnirda Maqsad Mavlonberdiyev, Jasmina Tojaliyeva, Anjelika Mo‘minova, Zuhra Berkinboyeva hamda Vitaliy Li o‘z vazn toifalarida oltin, Fotima Berkinboyeva, Abduvali Turg‘unov esa kumush medal bilan taqdirlandi. Mirafzal Mirxoliqov, Rauan Saparov va Nasiba Rustamova kabi yosh polvonlarimiz musobaqadan bronza medali bilan qaytadigan bo‘ldi.

Ushbu yosh polvonlarimiz kelgusida o‘z mahorat va tajribalarini yanada oshirib, Osiyo va jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishadi. Diyora Keldiyorova hamda Muzaffar To‘raboyev kabi Olimpiada medallarini qo‘lga kiritadilar.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA