Bu haqda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olingan tashkilotning rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Xabarda keltirilishicha, “Dunyo olimpiya boksida katta mavqeiga ega O‘zbekiston va Qozog‘istonning World Boxing a’zoligiga qo‘shilishi boksning Olimpiya oilasida qolishiga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi”.
Aytish lozim, xuddi shuningdek, Gvatemala hamda Laosning World Boxing a’zoligiga qabul qilinishi tashkilot safidagi milliy boks federatsiyalar sonini 55 taga yetishiga olib keldi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev O‘zA muxbiriga bildirishicha, mamlakatimiz charm qo‘lqop ustalari Xalqaro boks assotsiatsiyasi tizimidagi musobaqalarda ishtirok etishni davom ettiraveradi. O‘zbekiston boks federatsiyasining World Boxing a’zoligiga o‘tishi esa boksning Olimpiya o‘yinlaridagi o‘rnini saqlab qolishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, World Boxing tashkilotining amaldagi rahbari niderlandiyalik Boris van der Vorst bundan bir oy muqaddam, ya’ni oktyabr oyining birinchi o‘n kunligida Toshkentda Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA