Qozog‘istonning Temirtau shahrida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 22 ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Markaziy Osiyoning barcha davlatlari hamda Rossiya Federatsiyasining 800 nafarga yaqin dzyudochisi ishtirok etgan bellashuvlarda Tohir Fayziyev murabbiyligidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi vatanimiz sharafini himoya qildi.

Murosasiz bellashuvlarga boy o‘tgan turnirda hamyurtlarimiz 11 ta oltin, 7 ta kumush, 4 ta bronza jami 22 ta medal bilan umumjamoada 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qozog‘istonlik dzyudochilar 2-o‘rinni band etishdi.

Mahoratli yosh dzyudochilarimizdan Alina Kolyucheva, Mahfira Ro‘ziboyeva, Zuhra Alimova, Durdona Tursunova, Intizor Uzoqboyeva, Umida Nig‘matova, Xushnud Burxonov, Sanjar Ashurov, Samandar Sunnatov, Inom Bahodirov, Musurmon Ahrorov Qozog‘istonda oltin medalga ega chiqqan holda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgani o‘zbek sportining yangi “oltin avlodi” kamolga yetayotganidan dalolat, deyish mumkin.

T.Ro‘ziyev, O‘zA