Pentagon rahbari Lloyd Ostin aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Koreya yarim orolida o‘z kuchlari joylashuvi ko‘lamini kengaytirmoqchi.

– O‘zaro tezkor muvofiqlik hamda tiyib turish siyosatini kuchaytirishga kelishib oldik, – dedi u Janubiy Koreya bilan “2+2” formatida bo‘lib o‘tgan muzokara yakuni bo‘yicha uyushtirilgan matbuot anjumanida. – Mamlakatlarimiz maslahatlashuv orqali yadroviy va strategik rejalashtirish sa’y-harakatini chuqurlashtiradi. Koreya yarim orolida AQSH strategik kuchlari muntazam joylashuvi bo‘yicha amaliyot rivojlantiriladi.

Shuningdek, Pentagon rahbari AQSH Janubiy Koreyani yadro quroli bilan himoya qilishga tayyorligini ham ma’lum qildi.

– Qo‘shma Shtatlar Koreya Respublikasini mudofaa qilishga to‘liq sodiq va bizning kengaytirilgan va’damiz o‘zgarishsiz qolmoqda, – deya qo‘shimcha qildi Ostin. – Bu harbiy zaxira an’anaviy raketaga qarshi mudofaa tizimi, yadroviy va boshqa turdagi ilg‘or qurollar bilan to‘ldirilishi orqali qo‘llab-quvvatlanishini nazarda tutadi.

Mulozim ta’kidalashicha, Vashington Seul bilan birga harbiy mashg‘ulotni ham davom ettirish niyatida.

Aprel oyida bu ikki davlat qabul qilgan Vashington deklaratsiyasida, KXDR tomonidan yadroviy hujum sodir bo‘lgan taqdirda, Seul AQSHdan “ittifoqchilikning to‘liq quvvati” ko‘rinishida, jumladan, atom qurolidan zudlik bilan foydalanish orqali yordam olishiga kelishilgan.