Xitoy hukumati va Tolibon rasmiylari ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuk poyezdi qatnovi qayta tiklanganini e’lon qildi. Bu haqda “Kabul Now” nashri yozdi.
Shu munosabat bilan kecha bo‘lib o‘tgan marosimda Tolibonning Xitoydagi elchisi Bilol Karimiy, Xitoyning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Yuy Xiaoyong, shuningdek Nantong rasmiylari, jumladan shahar meri, transport va tashqi aloqalar idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda nutq so‘zlagan Karimiy Tolibon qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy sheriklikka ustuvor ahamiyat berishini ta’kidlab, bu loyiha Kobul va Pekin munosabatini yaxshilashga katta yordam berishi mumkinligini aytdi.
– Biz Nantong temir yo‘li orqali Xitoyni keng dunyoga chiqish eshigi sifatida ko‘rarkanmiz, “Vahon” yo‘lagi o‘zaro samarali va tejamkor bog‘ misoli xizmat qilishi mumkinligiga ishonamiz, – dedi u.
Pomirning Badaxshondagi qismida joylashgan “Vahon” hududi Afg‘onistonni shimoli-sharqdan Xitoy, Tojikiston va Pokiston bilan bog‘laydi. Faqat shu yo‘lak orqaligina Shinjon, xususan Qashqarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olish imkoni bor.
Yui Xiaoyong aytishicha, kecha Szyansu provinsiyasidagi Nantong shahridan Afg‘onistonga 55 ta katta vagon tirkalgan poyezd “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasida yo‘lga tushgan.
Tolibonning Pekindagi elchixonasi tarkibda elektr jihozlari, kiyim-kechak va boshqa turli mahsulotlar ortilgan konteynerlar olib ketilayotganini tasdiqladi. Yuk Hayraton portiga taxminan 20 kunda yetib borishi kutilyapti.
Darvoqe, 2016 yil ochilgan, Afg‘onistonni O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali Xitoy bilan bog‘lagan temir yo‘l to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo chizig‘i yaratib, davlatlar aro yuk tashishni sezilarli darajada osonlashtiradi.
O‘tkir Mirzo, O‘zA