O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda O‘zbekiston-Fransiya iqtisodiy palatasi boshchiligida fransuz kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bo‘yicha Ishchi sessiya o‘tkazildi.
Joriy yil aprel oyida mamlakatimizda ushbu tuzilmani ochish tashabbusi Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning 2023 yil noyabr oyida mamlakatimizga tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari tomonidan bildirilgan edi. Mazkur palata ayni payt 60 dan ortiq fransuz kompaniyasi va tadbirkorlari hamda ularning o‘zbekistonlik hamkorlarini birlashtirgan.
Sessiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad qo‘shma loyihalarni jadallashtirish, mavjud muammolarni aniqlash va tezkor hal etish, Fransiya kompaniyalarining yurtimizdagi investitsiya faoliyatni yanada yengillashtirishga ko‘maklashishdir. Anjuman sheriklik ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha fikr va tajriba almashish uchun ham qulay maydon bo‘lib, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Sessiya ishida Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov, O‘zbekiston-Fransiya Iqtisodiy palatasi prezidenti Joanna Golas, shuningdek Iqtisodiyot va moliya, Transport vazirliklari, “O‘zsuvta’minot” AJ hamda IT Park mutaxassislari, 14 nafar fransuz korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Ochiq muloqotga asoslangan uchrashuv davomida mas’ullar tomonidan investorlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytarildi. Savdo-sotiqni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammo va omillarni aniqlash va tezkorlik bilan bartaraf etish bo‘yicha ishlarni faollashtirish zarurligi ma’qullandi.
Tadbir yakunida taklif etilayotgan yechimlar umumlashtirilgan holda, ko‘rib chiqish uchun hukumatga va tegishli idoralarga yuborilishi yuzasidan kelishib olindi.