Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasiga biriktirilgan Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirokida favqulodda vaziyatlar va ularning oldini olishga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda bojxona xodimlari va maktab o‘quvchilariga yong‘in sodir bo‘lganda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, is gazidan zaharlanishning oldini olish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, zilzila oqibati, bu jarayonda aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish bo‘yicha nazariy va amaliy o‘quv mashg‘ulotlari namoyish etildi. Favqulodda vaziyatlarda, xususan, zilzila, yong‘in, tabiiy ofatlar ro‘y berganda to‘g‘ri harakatlanish yuzasidan tushunchalar berildi.

Yong‘inlarni o‘chirishda zarur bo‘ladigan texnik vositalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ko‘rgazma tashkil qilindi va ulardan foydalanish tartibi tushuntirildi. Mutaxassislar tomonidan yong‘in sodir bo‘lganda uni to‘g‘ri va zararsiz o‘chirish qoidalari ko‘rsatib berildi. Amaliy mashqlarda xodimlar bilan birga o‘quvchilar ham bevosita ishtirok etib, zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar yoritilgan videorolik namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.