El-yurtimiz, xususan, Navoiy ahlining ulug‘ ajdodimiz Alisher Navoiy xotirasiga hurmat-ehtiromi cheksiz.

Buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati ma’naviy tarbiya, ma’rifiy yuksalish yo‘lida barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishi, ta’bir joiz bo‘lsa, yurtimizning ma’naviy brendiga aylanishi zarurligi ta’kidlandi.

Masalan, 2017 yil Andijon viloyatida “Bobur yili” deb e’lon qilinib, shu asosda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan edi. Prezident mana shunday ijobiy tajribani Navoiy viloyatida ham qo‘llab, yangi – 2025 yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif qildi.

Bu yil doirasida “Hazrat Navoiyni anglash – o‘zligimizni anglash” mavzusida Prezident sovg‘asi uchun respublika tanlovi tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida “Navoiyxonlik kechalari” o‘tkaziladi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlari, qishloqlarida Navoiy bobomizga atab yangi bog‘lar, so‘lim xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etiladi.

Quriladigan Yangi O‘zbekiston bog‘ida Alisher Navoiyga bag‘ishlab memorial muzey tashkil etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish davom etmoqda.

O‘zA