Oltin narxi o‘sishda davom etmoqda. Ushbu qimmatbaho metall narxi chorshanba kungi savdoda yangi rekord o‘rnatib, unsiya uchun 2800 dollarga ko‘tarildi.

– Tilla qimmatlashishi Qo‘shma Shtatlardagi prezident saylovi bilan bog‘liq noaniqlik sharoitida eng ishonchli aktivga umumiy talab ortishi bilan bog‘liq, – deydi “Commonwealth Bank of Australia” tahlilchisi Vivek Dar.

Tahlilchilar fikricha, Donald Tramp davlat tepasiga qaytishi ehtimoli ortib borayotgani xavfsiz aktivga talabni qo‘llab-quvvatlamoqda. – Zero, uning g‘alabasi Vashington siyosati o‘zgarishi, geosiyosiy taranglik kuchayishi va mamlakat qarz yuki og‘irlashishiga olib keladi, –  deyilgan Markaziy bank sharhida.

Ekspertlar to‘rtinchi chorakda oltinning o‘rtacha narxi unsiya uchun 2800, 2025 yil oxirgi choragida esa 3000 dollar bo‘lishini taxmin qilmoqda.

Jahon oltin kengashi hisob-kitobiga ko‘ra, birjadan tashqari amaliyotni hisobga olmaganda, tillaga global talab uchinchi chorakda o‘tgan yilning shu davri bilan bir xil – 1176,5 tonnani tashkil etdi. Birjadan tashqari narxni inobatga olgan holda, iste’mol rekord darajaga yetdi. Umuman qimmatbaho metallar iste’moli esa 35 foiz oshib, yillik hisobda va birinchi marta 100 milliard dollardan oshdi.