Ayni kunlarda Qozog‘istonning Olmaota shahrida “PowerExpo-2024” 22-xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda 500 ga yaqin kompaniya energetika, elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga doir mahsulotlarini taqdim etyapti.
Ahamiyatlisi, ko‘rgazmada ilk bor “Made in Uzbekistan” brendi ostida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tizimidagi 15 dan ortiq korxona o‘zining 200 ga yaqin milliy mahsulotini namoyish etib, ko‘plab hamkorlik kelishuvlariga erishmoqda. Bu milliy brendlarimizni xalqaro bozorlarda tanitish, eksportni kengaytirish va qo‘shni mamlakatlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga hissa qo‘shadi.
Uyushma axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 9 oyida elektrotexnika sanoati eksporti 880 million dollarni tashkil etgan bo‘lib, 600 dan ortiq mahsulot dunyoning 72 mamlakatiga eksport qilindi. Shu jumladan, Qozog‘iston Respublikasiga yil yakunigacha 200 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonning elektrotexnika mahsulotlari Qozog‘istondagi “Sulpak”, “Technodom”, “Demart”, “Halyk Market” va “TEEZ” kabi savdo hamda internet do‘konlari orqali sotilmoqda.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida B2B formatdagi uchrashuvlar va taqdimotlar ham tashkil etilyapti.
N.Ziyodullayeva, O‘zA