Nuroniylarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, duosini olish milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning hayot sifatini yanada yaxshilash, keksa avlodning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlarini o‘rganish, tizimli tahlil qilish va ularni hal etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu masalalar doirasida amaliy va fundamental loyihalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Keksalarda jismoniy madaniyatni oshirish, to‘g‘ri ovqatlanishning asosiy tamoyillari orqali oilada sog‘lom muhit yaratish” mavzusidagi loyihaga start berildi.
Loyihaning maqsadi yoshi katta aholi orasida ko‘ngillilar (volontyorlik) harakatini yo‘lga qo‘yish orqali sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishdan iborat.
Bu orqali hududlarda jami 120 nafar ko‘ngillidan iborat jamoani tashkil etish hamda ularning faoliyati davomiyligini ta’minlash nazarda tutilgan. Loyihani amalga oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumani, Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahri, Toshkent shahrining Mirobod va Shayxontohur tumanlaridagi 6 ta mahalla tanlab olindi.
Loyiha doirasida dastlab ko‘ngillilarni o‘qitish, kerakli malakalarni shakllantirishga qaratilgan 2 kunlik treninglar rejalashtirilgan.
Loyihaning dastlabki manzili sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanidagi Obod makon va Berdaq mahallalari tanlab olinib, mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Unga salomatligini yaxshilashga, jismoniy madaniyatini oshirishga qiziqishi bor, liderlik qobiliyatiga ega, notiqlik mahorati shakllangan 60 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan erkaklar va 55 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan ayollar jalb etildi.
Loyiha a’zolari o‘qitilgan ko‘ngillilarni 40 kun davomida to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilishlari, jismoniy mashqlarni o‘z vaqtida bajarishlari hamda shu kabi bir qancha mezonlarni e’tiborga olgan holda kuzatib borishlari rejalashtirilgan.
Hozirda loyiha ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA