Poytaxtimizda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Tabassum: O‘zbekistonda gender tenglikni targ‘ib qilish va yosh ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun media ko‘nikma” loyihasi rasmiy taqdimotiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda xotin-qizlar huquqi va manfaati himoyasi uchun yurtimizda jadal sa’y-harakat olib borilayotgani qayd etildi. Qabul qilinayotgan davlat dasturlari orqali ayollar huquqi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ayollar muhofazasining institutsional asosini mustahkamlash hamda aholining gender tenglik bo‘yicha xabardorligini oshirishga qaratilgan ustuvor chora-tadbirlar belgilanib, izchil amalga oshirilmoqda.

Darhaqiqat, gender tenglik, ya’ni erkaklar va xotin-qizlar tengligi insonning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi tadqiqotlar ko‘rsatmoqdaki, bu omil eng yuqori darajadagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyot negizidir. Qolaversa, gender tenglik –  mamlakat demokratik taraqqiyoti darajasini ko‘rsatuvchi indikator.
Tadbirda YeIga a’zo davlatlar elchixonalari mas’ullari, nodavlat va notijorat, xalqaro va donor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Gender tenglik targ‘ibotida media ko‘nikmani shakllantirish maqsadida tashkil etilgan loyiha doirasida jurnalist va blogerlar, yoshlar va ayollar hamda nodavlat tashkilotlar xodimlari ushbu mavzuda kontent tayyorlash, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, tegishli tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha tajriba va malaka oshiradi.

– Loyiha nafaqat muhim mavzularni yoritish, balki ijtimoiy muammolarni hal qilishda ham faol ishtirok etadigan jamoatchilikni shakllantirishga hissa qo‘shadi, – deydi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar. – Shu bilan birga jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar huquqi va manfaaatini himoya qilishga zamin yaratadi.

G.Sattorova, O‘zA