2025−2027 yillarga mo‘ljallangan byudjetnoma loyihasida qayd etilishicha, 2025 yil 1 apreldan O‘zbekistonda tarkibida shakar bo‘lgan barcha alkogolsiz ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etilishi taklif etilmoqda.
Gazsiz shirin choylar, meva sharbatlari, sanoat usulida ishlab chiqarilgan kompotlar va tarkibida shakar bo‘lgan boshqa gazsiz shirin ichimliklar (morslar, limonadlar, kvaslar) uchun litriga 500 so‘m aksiz solig‘ini joriy etish rejalashtirilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2023 yilgi “Tarkibida shakar va shirinlashtiruvchi moddalar bo‘lgan ichimliklarni soliqqa tortish yuzasidan xalqaro hisobot”ida shakar va shirinlashtiruvchi qo‘shilgan barcha ichimliklarga aksiz solig‘ini joriy etish tavsiya etiladi.
Bunda meva va sabzavotlardan tayyorlangan, tabiiy shirin (tarkibida fruktoza, glyukoza) bo‘lgan va qo‘shimcha shakar qo‘shilmagan sharbatlar uchun aksiz solig‘i qo‘llanilmaydi. Xorvatiya, Malayziya, Meksika, Niderlandiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, BAA mamlakatlarida shirinlashtiruvchi (shakar) moddalar qo‘shilgan sharbatlarga aksiz solig‘i joriy etilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda litrida o‘rtacha 90 gramm shakar bo‘lgan 6 brend ostidagi 18 turdagi sharbatlar, shuningdek, 1 litrida o‘rtacha 73 g shakar bo‘lgan 4 turdagi yaxna choy ishlab chiqarilmoqda. 1 apreldan boshlab tarkibida shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar bo‘lgan gazlangan va gazsiz ichimliklar uchun aksiz solig‘ini 1 litri uchun amaldagi 500 so‘mdan 300 so‘mgacha kamaytirish taklif etilmoqda. Gap shakar o‘rniga uning o‘rnini bosuvchi moddalar ishlatib tayyorlangan diyetik gazli ichimliklar haqida ketmoqda.
Soliq stavkasini pasaytirish 1 litr ichimlikning chakana narxida aksiz solig‘i ulushini 5 foizdan 3 foizga kamaytirishi kutilmoqda. Joriy yilning aprel oyidan joriy qilingan energetik va tetiklantiruvchi ichimliklarga aksiz solig‘i 1 litr uchun 2000 so‘m miqdorida qoladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA