Poytaxtimizda SHHTga a’zo mamlakatlar xalq diplomatlarining I xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, BAA, Rossiya, Pokiston, Tojikiston va Turkiyadan hamkor tashkilotlar vakillari, shuningdek, Oliy Majlis deputatlari, vazirlik va idoralar xodimlari, Toshkentdagi diplomatik korpus va milliy madaniy markazlar vakillari ishtirok etdi.

Kongressda xalq diplomatiyasining so‘nggi yillardagi faoliyati yakunlari sarhisob qilinib, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilab olindi. Ishtirokchilar SHHT doirasida madaniyatlararo muloqot  imkoniyatlari, ko‘p vektorli hamkorlik va madaniy diplomatiya masalalarini muhokama qildi.

Tadbir yakunida konsert dasturi tashkil etildi. Unda respublika milliy madaniy markazlarning ijodiy jamoalari, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti va “Barkamol avlod” maktabi tarbiyalanuvchilari chiqish qildi.

Kongress yakunlari bo‘yicha ekspertlarning SHHT mamlakatlari o‘rtasida  millatlararo totuvlik, hamkorlik va do‘stona munosabatlarni  mustahkamlashga qaratilgan tavsiyalari qabul qilindi. Ishtirokchilar  tinchlik, barqarorlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA