O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holida o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq to‘lovga qobiliyatsizlik alomatiga ega bo‘lgan korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish hamda ularning to‘lov qobiliyatini tiklash uchun sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda o‘tkazish masalalarini tartibga soladi.
Nizomning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasining “Qishloq xo‘jaligi korxonalarini sanatsiyalash to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladigan qishloq xo‘jaligi korxonalarini sudgacha sanatsiya qilishga tatbiq etilmaydi.
Nizomda:
sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda o‘tkazishning ob’ekti, sub’ekti va xususiyatlari;
sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda o‘tkazish va uning monitoringini yuritish;
korxonani sudgacha sanatsiya qilish davrida maxsus sanatsiya hisobvarag‘ining ochilishi va ishlash tartibi;
sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda o‘tkazishni tugatish tartibi belgilab berilgan.
Qarorga ko‘ra, kreditorlarga to‘lanadigan to‘lovlar muddatini kechiktirish va (yoki) uni bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoxud qarzlardan chegirma berish to‘g‘risida qarzdor hamda kreditorlar o‘rtasida kelishuvga erishishga qaratilgan bitimlar, soliq va boshqa vakolatli organlarning qarorlari asosida korxonalarni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish Davlat aktivlarini boshqarish agentligining qaroriga muvofiq joriy etiladi. Davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda sudgacha sanatsiya qilishni joriy etish xizmatidan foydalanish uchun manfaatdor shaxslar yoki ularning ishonchli vakillari faqatgina Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.
Nizomga muvofiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish Davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP orqali joriy etilishi ta’minlanadi, shuningdek, YAIDXPda mazkur xizmat ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning ko‘rib chiqilishini kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
O‘zA