Ma’lumki, Yaponiya oliy ta’lim bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan dunyodagi yetakchi davlatlardan biri sanaladi. Shu bois kun chiqar yurt bilan ushbu sohada hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Yaponiya davlat universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti, Sukuba universiteti rahbari Nagata Kyosuke boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi ham mavjud sheriklikning uzviy davomidir.

Bugun mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy ruhda kechgan muloqotda qo‘shma oliy ta’lim muassasasi tashkil etish istiqboli muhokama qilindi.

Tomonlar ta’lim va ilm-fan sohasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yuqori baholadi. Shu bilan birga birgalikdagi ishlarni yanada rivojlantirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Yakunda O‘zbekiston ta’lim tizimi rivojiga hissa qo‘shadigan yangi xalqaro universitet tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Loyiha uchun zarur texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzishga qaror qilindi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA