Maktab o‘quvchilari uchun chorakning so‘nggi kuni joriy yil 2 noyabrga to‘g‘ri kelib, 4 noyabr kuzgi ta’tilning ilk kuni sanaladi. Ta’til 6 kalendar kun, ya’ni 9 noyabrgacha davom etadi. II chorak esa 11 noyabrdan boshlanadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, o‘quvchilar uchun ta’til kunlari quyidagicha belgilangan: 

kuzgi ta’til – 4 noyabrdan boshlab 6 kalendar kun; 

qishki ta’til – 28 dekabrdan boshlab 14 kalendar kun; 

bahorgi ta’til – 21 martdan boshlab 7 kalendar kun;

yozgi ta’til oxirgi bosqichli nazorat sinovi o‘tkazilgan kundan (bosqichli nazorat o‘tkazilmaydigan sinflar uchun o‘quv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1 sentyabrgacha.

1-sinf o‘quvchilari uchun esa fevral oyi davomida qo‘shimcha bir haftalik ta’til belgilanadi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ta’tilning oxirgi kuni bayram (ishlanmaydigan) kunga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda, dars mashg‘ulotlari keyingi ish kunidan boshlab davom ettiriladi.

Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga to‘g‘ri kelib qolgan dars mashg‘ulotlarining mavzulari o‘quv dasturlarini ixchamlashtirgan holda keyingi dars mashg‘ulotlarida o‘tkaziladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA