Ayni paytda mamlakatimizdagi saylov jarayonlarini Rossiyaning “Nezavisimaya gazeta”si MDH siyosati bo‘limi sharhlovchisi Viktoriya Panfilova ham yoritib bormoqda.

Viktoriya Panfilovaning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi ushbu siyosiy voqea har bir ommaviy axborot vositalari vakillarini  tezkor va o‘ziga xos yondashuvda ijod qilishiga undamoqda.

– Viktoriya, O‘zbekistondagi saylovlar haqida qanday fikrdasiz?  

– Bu saylovlar mamlakatdagi demokratiyani mustahkamlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Bu galgi saylov “Mening tanlovim –  obod Vatanim” shiori ostida o‘tmoqda. Markaziy saylov komissiyasining ma’lumotiga ko‘ra, soat 14:00ga kelib 50 foizdan ortiq fuqarolar ovoz berdi. Natijalar esa 28 oktyabrda e’lon qilinadi.

– Joriy saylovda qanday yangiliklar mavjud?  

– Bu yil barcha jarayon “E-Saylov” tizimi orqali raqamlashtirildi. Bu ochiqlikni oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, partiya yetakchilari o‘z dasturlarini debatlar orqali namoyish qildi. Mazkur yangilik saylovchilarga xolisona qaror qabul qilish imkoniyatini berganini ta’kidlamoqchiman.

– Saylov natijalari mamlakat uchun qanday ahamiyatga ega?  

– Yangi qonunga asosan majoritar va proporsional tizimlar uyg‘unlashtirildi. Bu siyosiy partiyalarning davlat boshqaruvidagi o‘rnini kuchaytirishga qaratilgan. Ushbu jarayon O‘zbekistonning xalqaro standartlarga moslashishga qadam tashlayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekistondagi saylovlar konstitutsiyaviy islohotlarning yakunlanishini anglatadi, ammo mamlakatning kelgusi rivojlanish yo‘li uzoq muddatli va chuqur o‘zgarishlarni talab qiladi.

Nasiba Ziyodullayeva,  

Rustam Nazarmatov (surat),  

O‘zA