Kanadaning Galifaks shahrida figurali uchish bo‘yicha Gran-pri seriyasining ikkinchi bosqich musobaqalari yakunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Erkin dastur bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Yekaterina Geynish va Dmitriy Chigirev juftligi 126.12 ball jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan holda 124,10 ball olgan jahon chempionlari Dinna Stellato-Dudek va Maksim Deshamni ortda qoldirdi.

Musobaqaning ikki kunlik bahslari sarhisobiga ko‘ra, Dinna Stellato-Dudek va Maksim Desham 197,33 ball bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Mahoratli sportchilarimiz olti bosqichdan iborat Gran-pri musobaqasining ikkinchi davrasida umumiy hisobda 189.65 ball jamg‘arib, kumush medalli bo‘lgan bo‘lsa, bronza medali 186,14 ball to‘plagan Avstraliya sharafini himoya qilayotgan Anastasiya Golubeva va Xektor Giotopulos Murga nasib etdi.

Eslatib o‘tamiz, figurali uchish bo‘yicha Gran-pri musobaqalarining keyingi bosqichlari AQSH, Fransiya, Xitoy, Finlyandiya, Yaponiya mamlakatlarida tashkil etiladi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA