Hurmatli ichki ishlar tizimi xodimlari!

Qadrli ofitser va generallar, serjant va safdorlar!

Muhtaram faxriylar!

Siz, azizlarni bugungi qutlug‘ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda sizlarning xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi katta xizmatlaringizni yana bir bor minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.

Hozirgi kunda “Barcha islohot va o‘zgarishlar – inson qadrini ulug‘lash uchun” degan ezgu tamoyil asosida butun yurtimizda fuqarolarimiz uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish, aholining turmush farovonligini oshirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga qaratilgan ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, ularni el-yurt manfaatlari yo‘lida xizmat qiladigan xalqchil va professional tizimga aylantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarimiz, hech shubhasiz, muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, so‘nggi yillarda barcha mahallalarda xavfsiz, tinch va osoyishta muhit yaratish, hududlarda ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy etish bo‘yicha muhim natijalar qo‘lga kiritilayotganini ta’kidlash lozim.

Xususan, Xiva tumanining Istiqlol mahallasi namuna sifatida belgilanib, shu asosda 314 ta kriminogen vaziyati og‘ir mahallada raqamlashtirish jarayoni to‘liq amalga oshirildi. Yonma-yon joylashgan, kriminogen vaziyati murakkab mahallalarni kichik hududlarga ajratgan holda, ularda yangicha ish uslublari orqali jamoat tartibini saqlash bo‘yicha Namangan shahar tajribasi yaratildi.

Profilaktika, patrul-post va probatsiya xizmatlari inspektorlarining faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish, xodimlarning bilim darajasini oshirish orqali hududlarda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, Buxoro viloyatida mahallalar jamoat joylarida huquqbuzarliklarning oldini olish uchun kichik hajmdagi dronlardan foydalanish tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yildi.

Eng muhimi, biz yosh avlodimizning sog‘lom hayoti va kelajagini ta’minlash uchun giyohvandlikning oldini olish, yoshlarda bunday vositalarga nisbatan kuchli immunitetni shakllantirish hamda ularning noqonuniy aylanmasiga, ayniqsa, internet tarmoqlari orqali tarqalishiga chek qo‘yishga qaratilgan milliy strategiyamizni qabul qildik va uni qat’iy ijro etishga kirishdik.

Ana shunday islohotlar natijasida jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yondashuvlar tubdan o‘zgardi. Huquqbuzarlik sodir etishi yoki undan jabrlanishi mumkin bo‘lgan fuqarolarni profilaktika inspektorlari vaqtida aniqlashlari hamda mavjud muammolar “mahalla yettiligi” tomonidan samarali hal etilishi uchun ijtimoiy profilaktika tizimi va uning ijtimoiy-huquqiy mexanizmlari yaratildi. Jinoyatchilikka oid tendensiyalarni kompleks ilmiy yondashuvlar asosida aniqlash, tizimlashtirish va salbiy omillarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida Ichki ishlar vazirligi tizimida O‘zbekiston Kriminologiya tadqiqot instituti ish boshladi.

Qayd etish lozimki, respublikamizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Misol uchun, Buyuk Britaniyaning Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan o‘tgan yili e’lon qilingan reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston jahonning 121 ta mamlakati orasida eng xavfsiz davlat deb tan olindi. Bunday yutuq bizga mamnuniyat bag‘ishlash bilan birga, katta mas’uliyat ham yuklaydi.

Aziz do‘stlar!

Tizim xodimlarining kasb mahoratini oshirish, ularning ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish masalasi ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. Bu jarayonda, avvalo, olis va chekka hududlarda joylashgan hamda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan tuman va mahallalarda xizmat qilayotgan xodimlar mehnatiga alohida ahamiyat berilib, ular uchun munosib xizmat va turmush sharoitlari yaratilmoqda.

Albatta, bugungi shiddatli taraqqiyot asrida ichki ishlar organlarining kundalik faoliyatini innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilm-fan yutuqlariga tayangan holda tashkil etish – mamlakatimizda huquq-tartibotni yanada mustahkamlashning muhim omili ekanini sizlar yaxshi tushunasiz.

Shuning uchun tizimda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlarni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz. Jumladan, yangi turdagi jinoyatlar hamda axborot vositalari yordamida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda ta’sirchan mexanizmlarni qo‘llash, kriminogen vaziyat bo‘yicha “qizil” toifada bo‘lib kelayotgan mahallalarda ilmiy yondashuvlar asosida jinoyatchilikni jilovlash yuzasidan manzilli ish olib borishimiz, tergov sifatini oshirish orqali aholi o‘rtasida bu sohada adolatga bo‘lgan qat’iy ishonchni shakllantirishimiz lozim.

Muxtasar aytganda, ichki ishlar tizimidagi o‘zgarishlarning amaliy natijasini xalqimiz o‘z kundalik hayotida doimo sezishi, his etishi shart.

Hurmatli soha xodimlari!

Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga o‘z xizmat burchingiz va muqaddas qasamyodingizga doimo sodiq qolib, Vatanimiz va xalqimizga fidokorona xizmat qilib kelayotganingiz uchun chin dildan tashakkur bildiraman.

Hech shubhasiz, sizlarning mashaqqatli va sharafli mehnatingizni munosib rag‘batlantirish kelgusida ham davlatimiz va jamiyatimizning e’tibor markazida bo‘ladi.

Ushbu qutlug‘ ayyomda el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur soha xodimlarining xotirasini hurmat va ehtirom bilan yod etib, ularning oilalari va farzandlariga bayram tabrigimiz va ezgu tilaklarimizni yo‘llaymiz.

Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilalaringizga baxt-saodat, tinchlik va fayzu baraka, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti