O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun Nukus tumanidagi Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markaziga press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari markazda amalga oshirilayotgan ishlar, davolashdagi so‘nggi yangiliklar hamda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi hamda davolanayotgan bemorlar bilan suhbatlashdi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi 1998 yildan faoliyat olib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 25 martdagi “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori asosida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish borasida keng miqyosli ishlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 dekabrdagi “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq markazda mavjud 50 o‘rinlik bino va inshootni mukammal ta’mirlash hamda qo‘shimcha 50 o‘rinlik yotoq binosini qurish ishlari amalga oshirildi. Mazkur binoda “Temir beton” mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari tomonidan 8 milliard 980 million so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, 1 milliard 80 million so‘mlik 967 nomdagi zamonaviy qattiq va yumshoq mebel, tibbiyot buyumlari va asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.
Markazda bugungi kuni terapiya, nevrologiya, travmatologiya va jarrohlik amaliyoti bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Asosan suyak-mushak tizimi va biriktiruvchi to‘qima orttirilgan deformatsiyalari kasalliklari, jarohatlarning rivojlanishi, asab, yurak-qon tomir, qon va qon ishlab chiqarish a’zolari, endokrin tizimi kasalliklari bor bemorlar davolanadi. Ular nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi hamda tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) berilgan order asosida qabul qilinadi.
130 o‘rinlik markazda 10 koyka 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan bo‘lib, 30 koyka pullik davolanuvchi fuqarolarga xizmat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda markaz 114 nomdagi 143 ta zamonaviy funksional diagnostika, davolash jihozlari va asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.
Joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida markazda 1 ming 85 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs davolangan bo‘lsa, 1 ming 397 nafar bemorga pullik xizmat ko‘rsatildi. Bemorlarga aniq va to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun laboratoriya rentgen, UZI, EKG funksional tekshiruv amalga oshiriladi.
– Muassasamizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tganidan so‘ng faoliyatimizda sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi, – deydi markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori Gulmirza Yuldashov. – Qisqa vaqtda muassasadagi mavjud shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, qo‘shimcha bino qurish, mukammal ta’mirlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoitlarni yaxshilash ishlari amalga oshirildi. Bugungi kunda AQSH, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan, nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda yagona zamonaviy tibbiy uskunalar olib kelinishi bemorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini yanada oshirmoqda.
– Joriy yilning iyul oyida 2008 yili tug‘ilgan o‘g‘lim beliga ekskavatorning kovushi tushib ketib bel sohasi jarohati bilan og‘ir ahvolda olib kelingan edi, – deydi Bo‘zatov tumanida istiqomat qiluvchi 1 -guruh nogironi Salamat Talasovning onasi Lola Begjanova. – Shifokorlarga rahmat o‘g‘limni yaxshi davolab, bugungi kuni asta-sekin yurmoqda. Markazda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. O‘g‘limni shu darajaga olib kelgan markaz shifokorlariga, hamshiralarga, barcha xodimlardan minnatdorman.
Insultdan keyingi holatda bo‘lgan ba’zi bemorlar reabilitatsiya tadbirlarini o‘tab bo‘lgandan keyin o‘zlarida ijobiy o‘zgarishlar sezayotganligi, ularga “Transkranial magnit stimulyator” apparati samarali foyda berayotganligini ta’kidlashdi. Shuning uchun ham markazga nafaqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, balki qo‘shni viloyatlardan ham bemorlar kelmoqda. Ularga 23 nafar shifokor, 35 nafar o‘rta tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatmoqda.
Markazda nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatga bo‘lgan qiziqishi test orqali aniqlanib, ularga kasblar bo‘yicha ma’lumotlar berib boriladi va sog‘ligiga zarar yetmaydigan ish tavsiya qilinadi. Bu yerdagi adaptatsiya xonasi ularni uy sharoitiga moslashtirilib, uy-ro‘zg‘or buyumlaridan foydalanish ko‘nikmalarini ham qayta shakllantiradi.
Press-tur ishtirokchilari markazda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA.