Mamlakatimizda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari qizg‘in. “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida aholining saylov qonunchiligiga oid huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Barcha darajadagi saylov komissiyalari, saylov uchastkalari, siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar muhim siyosiy tadbirni milliy qonunchiligimiz va xalqaro talablarga mos tarzda o‘tkazish uchun astoydil harakat qilmoqda.

Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasida ham saylovga tayyorgarlik ko‘rish ishlari jadal ketmoqda. Mazkur saylov komissiyasi vakillarining taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrining 12 ta tumanida jami 50 ta okrug hamda 861 ta saylov uchastkasi tuzilgan. Har bir saylov uchastkasida o‘rtacha 3 000 nafargacha saylovchi mavjud. Saylovga sanoqli kunlar qolgan ayni paytda barcha saylov uchastkalari zarur jihozlar, vositalar bilan ta’minlanib, saylovga shay holatga keltirilgan.

Saylov jarayonlarini munosib tarzda o‘tkazishni tashkil etish maqsadida shu kunga qadar uchastka saylov komissiyalarining rais, rais o‘rinbosari va kotiblari uchun bosqichma-bosqich interaktiv usullarda uch kunlik o‘quv-seminarlari yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur o‘quvlarda uchastka saylov komissiyalari a’zolarining siyosiy bilim va tajribalari boyitildi, yangicha tizim asosida bo‘lib o‘tadigan saylov jarayoni haqida ularga yanada keng tushunchalar berildi.

Bu yilgi saylovning muhim yangiliklaridan yana biri saylov uchastkacida elektron ovoz berish yo‘lga qo‘yilayotganidir. Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, saylovda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, aholiga qulaylik yaratish maqsadida sinov tariqasida Toshkent shahrida 10 ta saylov uchastkacida elektron ovoz berish amalga oshiriladi. Buning uchun poytaxtimizdagi 10 ta saylov uchastkacida elektron ovoz berish uskunalari o‘rnatilgan. Shuningdek, saylovchilarga qay tartibda elektron ovoz berish mumkinligi tushuntirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga hozirlik ko‘rish borasidagi sa’y-harakatlar kalendar rejaga asosan bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Muhtarama Komilova, O‘zA