HAMAS yetakchisining o‘ldirilishi

Ushbu haftadagi Isroil hujumlarining eng katta qurboni HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar bo‘ldi. U maqsadli operatsiya oqibatida emas, tasodifiy hujum bilan vafot etgan. Isroil tomoni 62 yoshli Sinvarning so‘nggi damlari aks etgan videoni e’lon qildi.

Isroil Mudofaa kuchlari o‘tgan yilning 7 oktyabr kuni boshlangan hujum uyushtiruvchisi deb biladi.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, yil davomida razvedka idoralari tomonidan ovlangan HAMAS yetakchisi guruhning yer osti yo‘li tizimidan xavfsizroq joyga o‘tishga uringan payti nishonga olingan. Marhum turgan joyni Tal Al-Sulton hududini tintuv qilayotgan piyoda askarlar topgan.

Harbiylar uch nafar mo‘ljaldagi shaxs binolar orasida harakatlanayotganini ko‘rib, o‘t ochgan. Natijada otishma boshlanib, Yahyo vayron bo‘lgan binoga qochib kirgan. Shundan so‘ng obektga tank snaryadi va raketa otilgan.

Isroil harbiylari vakili kontr-admiralning aytishicha, nishon shunchaki jangchi sifatida mo‘ljalga olingan.

Harbiylar vayron bo‘lgan binoga kirib, uni qurol-yaroq, o‘q o‘tkazmaydigan kiyim va 10 ming dollardan ko‘proq pul bilan topgan. Sinvarning vafoti DNK testi, jumladan stomatologiya yozuvi va boshqa usuldagi tekshiruv o‘tkazilgandan so‘ng oshkor qilingan.

“The New York Times” gazetasi iqtibos keltirgan to‘rt isroillik harbiy zobitga ko‘ra, Sinvar mintaqada muntazam operatsiya o‘tkazayotgan va kutilmaganda unga to‘qnash kelib qolgan stajyor otryad rahbarlari tomonidan o‘ldirilgan. Pentagon AQSH qo‘shinlarining qotillikka aloqasi yo‘qligini bildirdi.

Marhum hayotining so‘nggi oylarida Isroil razvedkasiga o‘zini kuzatish imkonini beruvchi telefon va boshqa aloqa vositalaridan foydalanishni to‘xtatgan edi. Uning so‘nggi yigirma yil ichida XAMAS G‘azo hududida qazgan ulkan tunnellari tarmog‘ida yashiringaniga ishonishgan. Vaholanki, ushbu yer osti yo‘llarining ko‘pi urush payti Isroil kuchlari tomonidan aniqlangan.

Voqeadan bir kun o‘tib Xolid Mashal guruh rahbari sifatida tanishtirilgan. U muzokaralar va mahbuslar masalalarida ishtirok etayotgan barcha tomonlar bilan muzokara olib boradi.

HAMAS Sinvarning o‘ldirilishi ortidan asirlarni almashish va urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar tobora qiyinlashib borishini ta’kidlagan.

AQSH Prezidenti Jo Bayden Sinvarning o‘ldirilishini izohlarkan, “bu urushni tugatish vaqti keldi”, – deya ta’kidladi jurnalistlar bilan suhbatda.

Netanyahuni telefon orqali tabriklagan Jo Bayden Yahyo Sinvarning o‘limi “Isroil, AQSH va dunyo uchun yaxshi kun”ligini aytib, holatni Al-Qoida yetakchisi Usama bin Lodin o‘ldirilgandan keyin Qo‘shma Shtatlarda boshdan kechirilgan tuyg‘ular bilan qiyosladi.

– Urushni tugatish va garovga olinganlarni uylariga qaytarish vaqti keldi, – degan u. – Biz bunga tayyormiz. G‘azoda sulhga erishish uchun qadam tashlash kerak.

Bayden AQSH Davlat kotibi Isroilga tashrif buyurishini ham oshkor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kundan keyin Entoni Blinken yahudiy davlatida hamkasblari bilan mavjud vaziyatni muhokama qiladi.

Shuningdek, vitse-prezident Kamala Harris, Fransiya yetakchisi Emmanyuel Makron, Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tajani ushbu vaziyat tinchlikni ta’minlash uchun imkoniyat ekanini aytgan bo‘lsa-da Binyamin Netanyahu urush Sinvarning o‘limi bilan tugamasligini e’lon qilgan.

“Agar HAMAS qurollarini tashlab, garovga olinganlarni qaytarib bersa, bu urush tugashi mumkin”, – degan Netanyahu.

Eron Yahyo Sinvar o‘ldirilishi “qarshilik ruhi”ni kuchaytirishiga ishonadi, Hizbulloh ham urushni “eskalatsiya bosqichi”ga o‘tkazishni va’da berdi.

Isroil matbuotiga ko‘ra, 19 oktyabr kuni ertalab Livan hududidan Isroilga uchirilgan uchta drondan biri Netanyahuning Keysariyadagi shaxsiy uyini nishonga olgan. O‘sha vaqtda Netanyahu qarorgohda bo‘lmagan, shuningdek, boshqalarga zarar yetmagani aytilmoqda.

Mamlakat askarlarining aytishicha, dron kirib kelganida havo mudofaasi tizimi uni to‘xtata olmagan va videoda dron harbiy vertolyot yaqinidan uchib o‘tgani ko‘rinadi. Livan telekanallariga ko‘ra, uchirilgan uchta drondan ikkitasi tutib olingani bittasi esa Keysaridagi binoga katta talofat yetkazgan.

Bundan tashqari Isroilning Livanga hujumlari davom etmoqda va Eronga javob zarbasini berishga tayyorgarlik ko‘rayotgani ham ma’lum.

Bryusselda Ukraina masalasi

Ushbu hafta Bryusselda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokida YeI sammiti bo‘lib o‘tdi. Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukrainani tuzilmaga a’zolik qilish yo‘lida va islohot o‘tkazishda qo‘llab-quvvatlash niyatini yana bir bor tasdiqladi.

Sammitda Ukraina yetakchisi taqdim etgan “G‘alaba rejasi” tinglandi. Davlatlar ham yil oxirigacha Kiyevga G7 tomonidan ajratilgan 45 milliard yevroning 35 milliardini berish majburiyatini tasdiqlashgan.

Bundan tashqari Ukrainaning energiya xavfsizligini yaxshilash va YeI bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Yetakchilar Rossiyaning Ukraina port infratuzilmasi, xususan tijorat kemalariga hujumini va “oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanishi”ni qoraladi. Xalqaro hamkorlar bilan kelishilgan holda Ukraina tiklanishini qo‘llab-quvvatlashga sodiq qolishini bildirdi.

Shuningdek, Ukrainani tiklash bo‘yicha navbatdagi konferensiya 2025 yil iyul oyida Italiyada bo‘lib o‘tishi eslatilgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH prezidentligiga nomzod Donald Tramp bilan suhbatda Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi zarurligini muhokama qilgan va Kiyev yadro qurolidan voz kechganini eslatgan.

Bu haqda Yevropa Kengashi yig‘ilishidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilingan.

Qo‘shimcha qilinishicha, NATOga a’zo davlatlar bugun urush holatida emas, shu sababli Ukraina yadro qurolini emas, NATOni tanlaydi. Shuningdek, sheriklar “G‘alaba rejasi”ni qo‘llab-quvvatlamasa, bu xato “Rossiya uchun imtiyoz berishi” mumkin.

Yetakchi so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sammitida 18 davlat rahbari ushbu hujjat haqida fikr bildirgan va ko‘pchilik rejani ma’qullagan.

Shuningdek, Ukraina Shimoliy Atlantika tuzilmasiga taklif olmasdan ham ikkinchi tinchlik sammitiga tayyorgarlik ko‘rishini ma’lum qilgan.

Shu qatorda jang maydonidagi urush va yoqotishlar davom etmoqda. Ukraina Xalqaro dengiz tashkilotiga Odessa portlariga xalqaro kuzatuv missiyasini yuborishni so‘rab murojaat qildi. Shuningdek, Rossiyani fuqarolik kemalari va don omborlariga hujum qilib, dunyodagi millionlab odamlarni ochlik xavfi ostida qo‘yayotganlikda aybladi. Ushbu hafta Rossiya kuchlar Donetsk va Lugansk viloyatlarida Ukrainaning bir nechta qishloqlarini egallab olgan. Hafta oxiriga kelib Rus kuchlari Ukrainaning janubidagi Nikolay viloyatidagi energetika infratuzilmasiga hujum qilib, tunda 56 ta dron va bitta raketa uchirdi.

Ukraina jangchilari  payshanba kuni uchirilgan Rossiyaning 136 ta uchuvchisiz uchoqlaridan 51 tasini urib tushirgani ma’lum. Mudofaa vaziri Rustem Umerovga ko‘ra, yaqin kelajakda Norvegiya Kiyevga oltita F-16 qiruvchi samalyotlarini yetkazib berishi kerak. Zelenskiy diplomatik safarlarda haminqadar harbiy yordam olishga erishayotgani ma’lum.

Sardorbek Poyonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA.