Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukrainani tuzilmaa a’zolik yo‘lida va islohot o‘tkazishda qo‘llab-quvvatlash niyatini yana bir bor tasdiqladi.
Kecha Bryusselda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokida bo‘lib o‘tgan YeI sammiti yakuni bo‘yicha berilgan bayonotda shu haqda aytildi.
Uchrashuvda Ukraina yetakchisi taqdim etgan “G‘alaba rejasi” tinglandi. Davlatlar ham yil oxirigacha Kiyevga G7 tomonidan ajratilgan 45 milliard yevroning 35 milliardini berish majburiyatini tasdiqladi.
Bundan tashqari Ukrainaning energiya xavfsizligini yaxshilash va YeI bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Yetakchilar Rossiyaning Ukraina port infratuzilmasi, xususan tijorat kemalariga hujumini va “oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanishi”ni qoraladi. Xalqaro hamkorlar bilan kelishilgan holda Ukraina tiklanishini qo‘llab-quvvatlashga sodiq qolishini bildirdi.
Shuningdek, Ukrainani tiklash bo‘yicha navbatdagi konferensiya 2025 yil iyul oyida Italiyada bo‘lib o‘tishi eslatilgan.