Mamlakatimizda yangicha tizimda bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlariga xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ham katta qiziqish bildirilmoqda. Turli xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan kuzatuvchilar missiyalari hududlarda, siyosiy partiya tashkilotlarida bo‘lib, saylovga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishmoqda.
“Adolat“ SDP Markaziy apparatida partiya Siyosiy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov siyosiy tahlilchilar Dorota Rija va Rashad Shirinovdan iborat xalqaro siyosiy missiya guruhini qabul qildi.
Partiya rahbariyati vakillari missiya a’zolari bilan yurtimizda yangicha siyosiy amaliyot – aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilayotgan saylovlar, partiya tomonidan olib borilayotgan siyosiy faoliyat, saylovoldi kampaniyasi doirasida amalga oshirilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari hamda partiya dasturiy yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdi.
Xalqaro kuzatuvchilar partiya saylovoldi jarayonlarining ochiqligi, adolatliligi hamda shaffofligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Abdukamol Rahmonov xalqaro kuzatuvchilarga partiyaning ijtimoiy adolat, tenglik va qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘lidagi tashabbuslari, qonunchilikda olib borilayotgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Xalqaro kuzatuvchilar partiya faoliyati va uning xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan saylovoldi dasturini ijobiy baholab, saylovlarda har bir partiya uchun teng sharoitlar yaratish va demokratik tamoyillarga rioya etishning muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, uchrashuv yakunida partiya va xalqaro missiya vakillari o‘zaro hamkorlik va muloqot samarasini tahlil qilib, saylov jarayonlarida konstruktiv va shaffof munosabatni davom ettirishga kelishib oldi.
M.Komilova, O‘zA