Jahon banki tomonidan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyoti bo‘yicha hisobot e’lon qilindi. Hisobotda ta’kidlanishicha, bir qator inqirozlardan so‘ng ushbu mintaqadagi rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish barqarorlashmoqda, ammo ko‘rsatkichlar 2000 yillar boshiga nisbatan ancha past darajada qolmoqda.
Prognozlarga ko‘ra, joriy yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy o‘sish 2023 yildagi 3,5 foizdan 3,3 foizgacha, 2025 yilda esa 2,6 foizgacha sekinlashishi mumkin. Bu 5,1 foizni tashkil etgan 2000-2009 yillardagi o‘rtacha yillik ko‘rsatkichdan ancha past ko‘rsatkich.
Mintaqa mamlakatlari yuqori darajadagi inflyatsiya, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlari va Yevropa Ittifoqida, mintaqaning asosiy eksport bozorida iqtisodiy faollik darajasining sekin o‘sishi ortidan yuzaga kelgan so‘nggi shoklarni muvaffaqiyatli yengib o‘tdilar.
Hozirgi vaqtda Yevropa va Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish asosida ish haqining oshishi, aholiga davlat to‘lovlari va inflyatsiyaning sekinlashuviga tayanuvchi xususiy iste’mol turibdi.
2024 yilda mintaqaning 20 dan ortiq mamlakatlari orasida YAIMning eng yuqori o‘sishi Gruziya (7,5%), Tojikiston (7,2%), O‘zbekiston (6%), Qirg‘iz Respublikasi (5,8%) va Armanistonda (5,5%) kuzatilmoqda.
2025 yil bo‘yicha prognozlar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotning 5,8 foizga o‘sishi bilan mintaqada iqtisodiy o‘sish bo‘yicha yetakchi o‘ringa chiqib olishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Ma’ruzaning maxsus bo‘limi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish omillaridan biri bo‘lgan inson kapitalining roliga bag‘ishlangan. Uzoq muddatli istiqbolda mehnat unumdorligining o‘sishini jadallashtirish uchun mamlakatlar o‘rta va oliy ta’lim sifatini sezilarli darajada oshirishlari kerakligi ta’kidlangan.
Mintaqadagi ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida aholi ta’lim bilan keng qamrab olingan. Muammo so‘nggi paytlarda pasayib borayotgan ta’lim sifati bilan bog‘liq. Xususan, so‘nggi 10 yil ichida mintaqa mamlakatlarida o‘quvchilarning ta’limdagi ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur (PISA) testlarida to‘playotgan ballar soni keskin pasaydi. Ushbu dastur 15 yoshli o‘quvchilarning bilim ko‘nikmalarini baholaydi.
Hisobotda oliy ta’lim tizimlarining kamchiliklari qatorida mintaqadagi oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv dasturlarining eskirganligi, ularning uskunalari va infratuzilmasiga investitsiyalarning yetishmasligi, shuningdek, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarining mehnat bozori ehtiyojlariga mos kelmasligi qayd etilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA