“Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi, Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlovchi jamoatchilik guruhi, O‘zbekiston Respublikasi Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali hamda tegishli soha mas’ul xodimlari ishtirokida davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi.

Ushbu davlat dasturlarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan. 2024-2025 o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 725 ta  umumta’lim maktabidagi 144 ming nafardan ziyod boshlang‘ich (1-4) sinf o‘quvchisini bepul oziq-ovqat mahsulotlari bilan  keytering usulida  ta’minlash rejalashtirilgan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi  qo‘mitasi bilan kelishgan xolda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati umumta’lim maktablaridagi 7-11 yoshli o‘quvchilar uchun nonushtaga mo‘ljallangan 5 kunlik taomnoma” tasdiqlanib, barcha umumta’lim maktabiga yetkazilgan.

Umumta’lim maktablari jami 42 lotga ajratilgan va Etender.uzex.uz elektron maxsus platformasiga tanlov (tender) o‘tkazish uchun joylashtirilgan. Ushbu tanlovda 19 ta tadbirkorlik sub’ekti g‘olib deb topilgan va shartnomalar tuzilgan.

O‘rganishlar jarayonida Nukus shahridagi 17-, 19-, 36- va 27-sonli umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish borasidagi ishlar – oziq-ovqat mahsulotlari xaridi, yetkazib berilishi, saqlanishi, o‘quvchilarni ovqatlantirish holati, o‘quvchilarning sog‘lom ovqatlanishi uchun oshxonalar va bufetlar tashkil etilgani hamda ulardan foydalanish holatiga e’tibor qaratildi. Monitoring davomida kuzatilgan kamchiliklar, uchrayotgan muammolarni bartaraf etilishi yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga taklif hamda tavsiyalar kiritiladi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri.