Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati xodimlari bilan hamkorlikda yo‘l-patrul xizmati postlarida tezkor tadbir o‘tkazilib kelinmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra jismoniy shaxslar metall parchalarini “O‘zmetkombinat” va “O‘zikkilamchi-rangmet” aksiyadorlik jamiyatlariga erkin narxlarda topshirishi mumkin. Afsuski shunga qaramasdan amaldagi qonunchilikni chetlab o‘tib, daromad topish niyatida huquqbuzarlik holatlari sodir etilmoqda.
Olingan tezkor ma’lumot asosida qora metall parchalarining noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarni aniqlash maqsadida “Bestobe” yo‘l-patrul xizmati postida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Nukus-Ellikqal’a” yo‘nalishida harakatlangan yuk mashinasi belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv natijasida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan og‘irligi 16 tonnadan ortiq bo‘lgan qora metall parchasi borligi aniqlandi. Ushbu tadbir davom ettirilib, “Bestobe”, “Mamakopir” yo‘l-patrul xizmati maskanlarida shu holdagi urinishlar fosh etildi.
Hozirda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.