Yurtimizda bo‘lib turgan O‘mon Sultonligi ishbilarmonlari delegatsiyasi ishtirokida poytaxtimizdagi xalqaro Nordik universitetida O‘zbekiston – O‘mon biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda har ikki davlat tegishli idoralari,O‘monning yetakchi kompaniyalari rahbarlari, shuningdek respublikamiz biznes sub’ektlari vakillari ishtirok etdi. Ularga o‘zaro muzokaralar o‘tkazish, mahalliy bozor va investitsiya salohiyati xususida ma’lumot almashish uchun qulay imkoniyat yaratildi.
– O‘quv dargohimizda nafaqat ta’lim, balki biznes muhitini ham shakllantirish,qo‘shma loyihalarda ishtirok etish, qolaversa Masqat universiteti bilan talabalar almashinuvi, birga ilmiy tadqiqot olib borish yuzasidan kelishib olish imkoni yaratildi, – dedi universitet rektori Sherzod Mustafoqulov. – B2B uchrashuvlar ham tashkil etildi. O‘ylaymanki, bugungi uchrashuv natijasida tomonlar ko‘plab o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatishga muvaffaq bo‘ladi.
Ishtirokchilar xorijiy tajriba va zamonaviy texnologiyaga asoslangan qo‘shma savdo ob’ektlari yaratish, yuqori malakali kadrlar almashish kabi muhim yo‘nalishlarni ham tahlil etishdi.
– Tadbir yangi global sharoitda har ikki mamlakat vakillarini aniq maqsad yo‘lida birlashtirishiga ishonaman, – dedi O‘mon Sultonligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vafo bint Jabr Nosir Al-Busaidiy. – O‘monliklarning bu galgi tashrifi doirasida Samarqand va Buxorodagi oliy ta’lim muassasalari bilan ham sheriklik yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Biznes forumda turizm, neft-gaz, kimyo, energetika va elektrotexnika sanoati, oziq ovqat, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha sarmoyaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, o‘zaro savdoni rivojlantirish uchun keng imkoniyat mavjudligiga e’tibor qaratildi.
Biznes-forumda “Al Khonji Group” LLC boshqaruv kengashi raisi, ushbu arab mamlakati Savdo-sanoat palatasi sobiq rahbari Xalil Al-Xonjiy, “Arabian Industries” SAOC ijrochi direktori, O‘monning qator viloyatlaridagi mehmonxonalar egasi Amir Al-Sulaymoniy respublikamizdagi tibbiyot muassasalari va tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchi shirkatlar bilan hamkorlikka qiziqish bildirdi. Shuningdek, yurtimizda mehmonxona biznesini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.
“General electric & Trading” Co LLC boshqaruv kengashi raisi Murtazo Hasan Ali o‘z biznes tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni hamkorlikka chaqirdi.
Yakunda Xalqaro Nordik universiteti va Masqat universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA