Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH prezidentligiga nomzod Donald Tramp bilan suhbatda Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi zarurligini muhokama qilgan va Kiyev yadro qurolidan voz kechganini eslatgan.
Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan Yevropa kengashi yig‘ilishidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytilgan, deb yozdi “Yevropeyskaya pravda” nashri.
Qo‘shimcha qilinishicha, NATOga a’zo davlatlar bugun urush holatida emas, shu sababli Ukraina yadro qurolini emas, NATOni tanlaydi. Shuningdek, sheriklar “G‘alaba rejasi”ni qo‘llab-quvvatlamasa, bu xato “Rossiya uchun imtiyoz berishi” mumkin.
Yetakchi so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sammitida 18 davlat rahbari ushbu hujjat haqida fikr bildirgan va ko‘pchilik rejani ma’qullagan.
Darvoqe, Ukraina Shimoliy Atlantika tuzilmasiga taklif olmasdan ham ikkinchi tinchlik sammitiga tayyorgarlik ko‘rishini ma’lum qilgan.