AQSH Prezidenti Jo Bayden dunyo yadro quroli zaxirasini to‘liq yo‘q qilishga intilishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, AQSH bu yo‘nalishda Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya bilan muzokara olib borishga tayyorligini ham tasdiqladi.
– Biz dunyoni yadro qurolidan butunlay va abadiy xalos qiladigan kun sari olg‘a borishda davom etishimiz kerak, – dedi Amerika rahbari o‘z bayonotida. – Qo‘shma Shtatlar Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya bilan yadroviy tahdidni kamaytirish uchun hech qanday shartsiz muzokara olib borishga tayyor. Bu mamlakatlar va umuman dunyo uchun yadro qurolini qisqartirish harakatiga to‘sqinlik qilishdan hech qanday foyda yo‘q.
Amerika yetakchisining ushbu da’vati tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti berilishi munosabati bilan e’lon qilindi. 2024 yil sovrini Yaponiyaning Nixon Xidankyo tashkilotiga topshirilishi avvalroq xabar qilingan edi.
– AQSHda joriy yil 1 oktyabrda boshlangan 2025 moliya yili rejasiga ko‘ra, federal byudjet strategik to‘xtatuvchi kuchlarni rivojlantirishga 49 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflashni ko‘zlayapti, – deb yozgan “RIA Novosti”. – Bundan tashqari Kongress Byudjet byurosi hisobotiga ko‘ra, 2023-2032 yillari AQSH yadroviy kuchlariga ajratilgan xarajat 756 milliard dollarga baholanmoqda.
Bayden va vitse-prezident, davlat rahbari lavozimiga nomzod Kamala Xarris boshchiligidagi Amerikaning amaldagi ma’muriyati 2026 yil fevralgacha amal qiladigan Rossiya – Amerika strategik qurol bo‘yicha shartnomasini uzaytirish istagini bir necha bor ochiqchasiga e’lon qilgan.
Sentyabr oyi oxirida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi strategik aloqalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi “RIA Novosti” muxbiri savoliga javob berarkan, Qo‘shma Shtatlar yangi shartnoma bo‘yicha Rossiya bilan muloqot boshlashga tayyorligi va Prezident Vladimir Putinning qarorini kutayotganini aytdi.
– Afsuski, mazkur diplomatiya Kiyevga davom etayotgan harbiy yordam va Amerika rasmiylari aytganidek, Rossiya Federatsiyasini strategik mag‘lubiyatga uchratish istagi bilan bir vaqtda olib borilmoqda, – deyiladi maqolada. – Qolaversa, Qo‘shma Shtatlar Yevropadagi harbiy ishtirokini mustahkamlashda davom etmoqda, Ukraina Qurolli kuchlariga uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar yetkazib bermoqda. Shuningdek, Germaniyada uzoq masofaga uchuvchi yangi tizimlar, jumladan tovushdan tez uchadigan qurollar joylashtirish niyatida.
O‘z navbatida, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Moskva AQSHning Rossiyaga qarshi dushmanlik chizig‘i o‘zgarmasdan, mazkur shartnoma bo‘yicha muzokarani davom ettirmasligini ta’kidladi.
Oktyabr oyida RF Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov strategik barqarorlik bo‘yicha muzokara o‘zgargan shartlarni tushungan holda olib borilishi kerakligini bildirdi. Shuningdek, u Yevropadagi harbiy-yadroviy infratuzilmani hisobga olmasdan, ko‘hna qit’a davlatlarini muzokara jarayoniga kiritmasdan va strategik xavfsizlikning boshqa unsurlariga to‘xtamasdan turib, strategik hujum qurollarini muhokama qilish amalda mumkin emasligiga e’tibor qaratgan.
Bundan bir necha kun avval AQSH sobiq rahbari, prezidentlikka nomzod Donald Tramp ijtimoiy tarmoq orqali o‘zining prezidentligi davrida Vashington, Moskva va Pekin yadroviy quroldan voz kechish bo‘yicha kelishuvga yaqinlashganini eslatdi.
– Biz yadroviy quroldan xalos bo‘lishni rejalashtirgan edik, – dedi u. – Bunday aslaha juda kuchli va juda ko‘p.
2023 yil aprelda Tramp Putin bilan yadrosizlanish masalasi muhokama qilingani, mazkur g‘oya unga ma’qul tushganini aytgandi. Siyosatchi so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda Rossiya va Xitoy yadro arsenalidan voz kechishga tayyor edi.
S.Rahimov tayyorladi.
O‘zA