14 oktyabr kuni “Raqamlashtirish sohasida eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, IT-park rezidentlariga quyidagi qo‘shimcha faoliyat turlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi:

— axborot texnologiyalari sohasida tashkil etiladigan ta’lim xizmati doirasida, ingliz tili bilan bir qatorda boshqa xorijiy tillarni ham o‘qitish;

— internet orqali axborot xizmatlarini eksport qilish faoliyati doirasida, biznes-jarayonlar autsorsingi yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim faoliyatini amalga oshirish;

— internet orqali bilim jarayonlari autsorsingi (Knowledge Process Outsourcing) xizmatlarini xorijiy davlatlarga eksport qilish.

2025 yil 1 fevraldan 2030 yil 1 yanvargacha eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 million AQSH dollaridan oshgan IT-park rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarini ko‘rsatgan, O‘zbekiston bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida bitim tuzilmagan davlatlarning yuridik shaxslari ushbu kalendar yil yakunigacha foyda solig‘idan ozod etiladi.

2025 yil 1 fevraldan 2040 yil 1 yanvargacha jami daromadi tarkibida eksporti hajmi 50 foizdan ortiq bo‘lgan IT-park rezidentlarining ta’sischilari (ishtirokchilari) – O‘zbekiston norezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda foyda solig‘ining 5 foiz stavkasi tatbiq etiladi.

O‘zA